Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sangardak – tabiat bag‘rida yangilanayotgan sayyohlik manzili
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani - O‘zbekistonning eng betakror va hali to‘liq kashf etilmagan hududlaridan biri. Aynan shu yerda, Hisor tog‘ tizmalari etagida joylashgan Sangardak qishlog‘i bugun yangi bosqichga chiqmoqda.
Foto: Turonbank
Bu maskan uzoq yillardan beri o‘zining musaffo havosi, baland tog‘lari va mashhur sharsharasi bilan sayyohlarni jalb qilib kelgan. Ammo bugungi Sangardak — bu shunchaki tabiiy go‘zallik emas, balki zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan boyitilgan yangi maskandir.

Bu yerda Surxondaryo viloyati hokimligi hamda “Turonbank” ATB tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalqaro standartlar asosida barpo etilgan zamonaviy dor yo‘li (kanat yo‘li) Sangardakning yangi ramziga aylanmoqda. Ushbu loyiha nafaqat sayyohlarga tog‘lar uzra parvoz qilgandek noyob hissiyot baxsh etadi, balki hududning turizm salohiyatini keskin oshirishga xizmat qiladi. Chunki aynan shu dor yo‘li Sangardakning betakror sharsharalarini yaqindan ko‘rib, uning go‘zalligini his qilish imkonini yaratmoqda.

Dor yo‘li orqali yuqoriga ko‘tarilar ekansiz, quyida yoyilib yotgan yashil vodiylar, sharshara tomon oqayotgan oqimlar va osmon bilan tutashgandek tuyulgan tog‘lar manzarasi sizni butunlay boshqa olamga olib kiradi.

Sangardakning sharsharasi esa bu maskanning yuragidir. Uning shovullagan suvlari, atrofdagi qoyalar va yam-yashil tabiat uyg‘unligi insonni ichki sokinlikka chorlaydi. Bu yerga kelgan mehmonlar nafaqat dam oladi, balki ruhiy jihatdan yangilanadi. Hududdagi sharsharalar haqiqiy tabiat mo‘jizasidir, mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ko‘plab sharsharalar asosan aprel oyida paydo bo‘ladi, eng qizig‘i ularning qachon paydo bo‘lib, qachon to‘xtashini hech kim bilmaydi.

Bugungi Sangardakda infratuzilma jadal rivojlanmoqda. Tekis yo‘llar, shinam dam olish maskanlari, tamaddixonalarda taqdim etilayotgan tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan taomlar — bularning barchasi sayyohlar uchun qulaylik yaratmoqda.

Hududda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda. Yangi xizmatlar, dam olish zonalari va turistik obektlar Sangardakni nafaqat ichki, balki xalqaro turizm bozorida ham raqobatbardosh maskanga aylantirishni maqsad qilgan.
Sangardakka kelish, bu faqat sayohat emas. Bu ichki xotirjamlikni topish, tabiat bilan uyg‘unlikda betakror mo‘jizalarni his qilishdir.
Dam olishni rejalashtiryapsizmi? Unda manzil aniq — Sangardak.
Reklama huquqqi asosida