Sport | 23:03 / 03.05.2026
1453
2 daqiqa o‘qiladi

Aleks Fergyuson «Old Trafford»dan shifoxonaga olib ketildi

Angliya chempionatining 35-turi uchrashuvi oldidan stadionda bo‘lgan Fergyuson o‘zini yomon his qilganidan so‘ng shifoxonaga olib ketilgan. Xabar qilinishicha, gap ehtiyot chorasi haqida bormoqda.

Foto: REUTERS

«Manchester Yunayted»ning sobiq murabbiyi ser Aleks Fergyuson jamoaning «Liverpul»ga qarshi bahsi oldidan o‘zini yomon his qildi va shifoxonaga olib ketildi, deb xabar berdi Daily Mail.

Nashr xabariga ko‘ra, 84 yoshli Fergyuson o‘yin boshlanishidan bir soat oldin shifoxonaga yotqizilgan. Unga ehtiyot chorasi sifatida tibbiy kuzatuv tayinlangan. Fergyusonga tez vaqt ichida uyiga javob berilishi kutilmoqda.

Aleks Fergyuson — «Manchester Yunayted» tarixidagi eng sovrindor murabbiy hisoblanadi. U klubni 1986 yildan 2013 yilgacha boshqargan. «Manchester Yunayted» Fergyuson boshqaruvida 13 marta Angliya chempioni bo‘lgan. Shotlandiyalik murabbiy klubdagi 26 yillik faoliyati davomida jami 38ta sovrinni qo‘lga kiritgan.

Murabbiylikdan ketganidan so‘ng Fergyuson «Manchester Yunayted» elchisi va klub direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. 2024 yil oktyabrda klubning yangi egasi Jim Retkliff va INEOS kompaniyasi unga elchilik faoliyati uchun yiliga 2,16 mln funt sterlingga teng maosh to‘lashni to‘xtatdi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid