Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2030 yilgacha charm-poyabzal sanoatida 12 trillion so‘mlik marra belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish 25 foizdan oshdi. 2030 yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil bo‘lsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qo‘y va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, ya’ni 15 foizi qayta ishlanmoqda.
Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.
Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘maklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash taklif etildi.
Mayda shoxli mol terilarini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yig‘ish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini rag‘batlantirish choralari ko‘rib chiqildi.
Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga mo‘ljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qo‘shilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish o‘rinlari ko‘payadi.
Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda sun’iy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtai nazaridan sun’iy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.
Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.
Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar o‘z-o‘zidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor bo‘yicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, quvvatlardan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
07:23 / 05.05.2026
Prezident Samarqanddagi OTB yig‘ilishida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
22:34 / 03.05.2026
Prezident ACWA Power kompaniyasi rahbari bilan “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlash masalasini muhokama qildi
20:47 / 03.05.2026
Prezident Janubiy Koreya bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi
20:31 / 03.05.2026