Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari yana 70 mlrd dollardan oshdi
2026 yil 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70,89 milliard dollarni tashkil etyapti. Bir oy davomida zaxira aktivlar qiymati 1,9 milliard dollarga ko‘paydi. O‘zbekiston Markaziy banki yarim yildan keyin yana oltin sotishni boshladi.
Foto: AP
2026 yil 1 may holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70,89 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati aprel oyida 1,9 mlrd dollarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan hisobotda keltirib o‘tilgan.
O‘tgan oy davomida zaxiralarning valuta qismi 1,15 mlrd dollarga, oltin qismining qiymati 743 mln dollarga ko‘paydi. O‘z navbatida zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 13,4 mln troya unsiyadan 13,3 mln troya unsiyaga kamaygan.
Regulyator investitsiya kiritgan qimmatli qog‘ozlar portfeli esa deyarli o‘zgarishsiz qolib, 1,5 mlrd dollar atrofida saqlanib qoldi.
Umuman olganda, oxirgi 1 yil ichida O‘zbekistonning zaxira aktivlarida 21,6 mlrd dollarlik o‘sish kuzatildi. Bu xalqaro bozorda oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz berdi. Yaqin Sharqda geosiyosiy vaziyatning nihoyatda keskinlashishi, jahon savdosidagi noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab 2026 yilda qimmatbaho metall bahosi 5000 dollardan oshib ketgandi.
Biroq mart oyida qimmatbaho metall narxi pasaya boshladi: agar 2 mart kuni oltinning bir troya unsiyasi 5419 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 1 aprelda o‘rtacha narxlar 4785 dollarni tashkil etdi. 1 may holatiga kelib esa qimmatbaho metall bahosi 4627 dollar bo‘ldi.