Jahon | 21:55 / 11.05.2026
1891
6 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat soni nazoratdami?

Internetda yillardan beri turli farazlar aylanadi. Go‘yoki dunyodagi eng ta’sirli kuchlar aholini kamaytirishni istaydi. Ayrimlar COVID-19 pandemiyasini tabiiy ofat emas, rejalashtirilgan deydi. Vaksinatsiyalar orqali insonlarga ta’sir o‘tkazilayotgani haqida ham da’volar bor. Oziq-ovqatga kimyoviy moddalar qo‘shib, mikroplastiklar aralashtirib ham kasalliklar atay ko‘paytirilayotgani aytiladi. Urushlar va genotsidlar esa millionlab insoniyat yostig‘ini quritdi. Bu ham odamlar ko‘pligidan zerikkanlarning o‘ylab topgani bo‘lishi mumkin. Bir qaraganda hammasi ishonarli gaplar. Lekin bularning rostligini isbotlash kerak. MAYDON’da yana bir katta mavzu qisqa daqiqalarda tahlil qilinadi.

Dunyo aholisi birinchi milliardga yetishi uchun minglab yillar kerak bo‘ldi. 123 yildan keyinyanabir milliard. Qolgan milliardlarga esa atigi har 10-15 yilda erishildi. Va bu keskin o‘sish jahon urushlari-yu, pandemiyalar davriga to‘g‘ri keldi.

Eng qizig‘i esa XVIII asr olimlari agar odamzod bir milliardga yetsa, dunyoda ocharchilik boshlanadi, deb bong urgan. Undan ham ajablanarlisi – bugun dunyo aholisi 8 mlrddan oshdi. Lekin eng rivojlangan davlatlar endi oziq-ovqat yetishmovchiligi emas, insonlar tanqisligiga duch kelmoqda. Qahatchilikmi yoki kamchilik?

Aholi sonining keskin ko‘payishi bilan turli davlatlar turlicha kurashib kelgan. Masalan, Xitoyda 2015 yilgacha “bir oila – bir farzand” siyosati, Hindistonda 1970-yillardagi erkak va ayollarni sterilizatsiya qilish kompaniyalari, Peruda 1990-yillardagi ayollar roziligisiz qilingan sterilizatsiyalar. Ammo bular ko‘pincha global darajada emas, ma’lum davlatlardagi iqtisodiy yukni kamaytirish siyosati sabab qilingan.

Markaziy Osiyo davlatlarida keng qo‘llanadigan spiral qo‘llash amaliyoti ham ayollar salomatligi va oilani rejalashtirish uchungina ixtiyoriy qilinishi shart. Majburiy holatlarda bu inson huquqlarining buzilishi degani.

Shu bilan birga, insoniyatning Yer resurslariga bosimi ortib borayotgani ham inkor etilmaydi. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, insonlar har yili Yer tiklay oladigan manbalardan taxminan 1,7 barobar ko‘proq foydalanmoqda. Bu esa yillik zaxira odatda avgust oylariga borib tugashini anglatadi — ya’ni qolgan oylarda insoniyat go‘yoki “qarzga yashaydi”. Lekin shu holatda ham bu bilan ocharchilik bo‘ladi deyish noo‘rin.

Tan olish kerak, 20-asrda butun dunyoda yashash nisbatan osonroq bo‘lgan. Chunki odamlarning ehtiyojlari kamroq, kundalik xarajatlari sanoqli bo‘lgan. Ekologik tangliklar hozirgidek bo‘lmagan, odamlar oilaparvarroq bo‘lishgan. Qanoat, sabr, vafo kabi tushunchalar soxtalashmagan, ko‘z-ko‘z qilinmagan oltin davrlar. Ya’ni ular hozirgidek isrofgarchilik zamonida yashamagan.

Bugunga kelib tibbiyot rivojlandi, qarish sekinlashdi. Shaharlar soni oshib, u yerlarda farzand katta qimmat xarajatga aylandi. Ayollar huquqlari tobora mustahkamlandi. Ular ham o‘qib, ishlay boshladi. Oilalar kechroq qurilyapti. Yolg‘iz yashash xavotirli bo‘lmay qoldi. Ajrimlar, homiladorlikdan himoyalanish vositalarining turlari ko‘paydi. Global dunyoda turli oqimlar targ‘iboti ham tug‘ilishni sekinlashtirdi.

Hatto o‘tgan asrda juda tez ko‘paygan Yevropa va Yaponiyaga o‘xshagan davlatlarda ham endi tug‘ishni rag‘batlantiruvchi davlat dasturlari boshlangan. Aslida ular eski insoniy o‘zlikka qaytish orqali natijaga erishmoqchi. 

Bugun dunyoda shunday davlatlar borki, u yerlarda urush yo‘q, tabiiy ofat yo‘q, iqtisodiy barqaror, yashash uchun hamma sharoit bor. Lekin ichidan sekin so‘nish boshlangan.

Masalan, Janubiy Koreyada bir ayolga bir farzand ham to‘g‘ri kelmaydi. Har bir yangi avlod oldingisidan qariyb ikki baravarga kam. Agar shu hol o‘zgarmasa, asr oxiriga kelib aholi yarmidan ham kamayadi.

Yaponiyada ham shu ahvol. Qishloqlar bo‘shab qolyapti. Yoshlar yo‘q. Faqat qariyalar qolgan hududlar bor. Yevropaning yuragi Italiyada ham tug‘ilish darajasi past. Uylar esa egasiz qolyapti. Bolgariya, Latviya, umuman sanasak, bu ro‘yxat juda uzun. Hammasida bitta xatar – aholi sonining kamayib borishi.

Bu davlatlar ertaga yo‘q bo‘lib ketmaydi. Lekin agar bu tendensiya o‘zgarmasa, yuz yil ichida ular butunlay boshqa ko‘rinishga keladi. Bu inqirozning eng og‘ir tomoni shundaki, u bir zumda emas, sekin-asta sodir bo‘ladi. Avval bolalar soni kamayadi. Maktablar yopiladi. Ishlab chiqarish susayadi. Keyin butun hududlar bo‘shab qoladi. Yo‘q bo‘lish shunday boshlanadi.

Aholini saqlab qolish uchun oilalarda nechtadan farzand bo‘lishi kerak? Qashshoqlik – serfarzandlikmi? Mavzuga oid shu kabi qolgan tahlillarni to‘liq shaklda MAYDON’da tomosha qiling!

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid