Jahon | 09:00
1464
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistondagi hujumda kamida 15 politsiyachi halok bo‘ldi

Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Bannu okrugida politsiya nazorat-o‘tkazish punktiga qarshi yirik hujum amalga oshirildi. Hodisa oqibatida kamida 15 nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohat oldi.

Foto: Aamad Khattak/AP Photo/picture alliance

Mahalliy huquq-tartibot organlari vakili Muhammad Sajjod Xon ma’lum qilishicha, 10 mayga o‘tar kechasi xudkush terrorist portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobilni Fatex-Xel hududidagi politsiya nazorat punktiga yo‘naltirgan.

Portlashdan so‘ng qurollangan jangarilar politsiya postiga o‘q uzishni boshlagan. AFP agentligi mahalliy politsiyaga tayanib xabar berishicha, hujumda 100 dan ortiq jangarilar ishtirok etgan.

Yuqori lavozimli hukumat amaldorining aytishicha, hujumchilar og‘ir qurollardan tashqari kichik dronlardan ham foydalangan. Chekinish vaqtida ular ayrim politsiyachilarni va ularning qurollarini olib ketgani aytilmoqda.

Bannu okrugi joylashgan Xayber-Paxtunxva viloyati Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lib, bu hudud tez-tez qurolli jangarilar hujumlariga uchrab turadi.

Toliblar shakllantirgan Afg‘oniston hukumati Islomobodning terrorchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ayblovlarini rad etib kelmoqda.

Dpa agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Pokistonda qayd etilgan 5397 ta terroristik hujumning 3811 tasi aynan Xayber-Paxtunxva viloyatida sodir bo‘lgan. Shuningdek, xudkushlar ishtirokidagi 27 ta hujumning 16 tasi ham ushbu hududga to‘g‘ri kelgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid