Ta’lim | 09:22
720
2 daqiqa o‘qiladi

Pedagoglar farzandlari uchun kontraktga 30 foizlik chegirma berilishi mumkin

O‘zbekistonda pedagoglarning davlat oliygohlarida kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Foto: Kun.uz

Hujjat loyihasiga ko‘ra, imtiyoz ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan barcha pedagoglarga tatbiq etiladi. Bunda ularning ish staji yoki malaka toifasi hisobga olinmaydi.

Chegirma faqat davlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriat talabalari uchun amal qiladi. Xususiy OTM, magistratura, qo‘shma ta’lim dasturlari, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari ushbu imtiyoz doirasiga kiritilmaydi.

Shuningdek, super-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar ham mazkur chegirmadan foydalana olmaydi.

Loyihaga muvofiq, chegirma har bir o‘quv yili uchun bir martadan beriladi va talabalar undan har yili qayta foydalanishi mumkin. Masalan, yillik kontrakt summasi 15 million so‘m bo‘lsa, 30 foizlik chegirma orqali 4,5 million so‘m kamaytirilib, to‘lov 10,5 million so‘mni tashkil etadi.

Imtiyozdan foydalanish uchun har yili onlayn tarzda ariza topshirish talab etiladi. Chegirma avtomatik tarzda hisoblanmaydi.

Shu bilan birga, agar talabaning ota-onasi pedagog maqomidan chiqarilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab mazkur chegirma qo‘llanishi to‘xtatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid