Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2025 yilda dunyo bo‘yicha 2700 dan ortiq kishi qatl etildi
Xalqaro Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘yicha kamida 2707 nafar inson o‘lim jazosiga hukm qilinib, qatl etilgan. Bu 2024 yilda qayd etilgan 1518 ta holatga nisbatan 78 foizga ko‘pdir.
Foto: AP
Tashkilotning 18 may kuni e’lon qilingan yillik hisobotida ta’kidlanishicha, bu — 1981 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘sha yili Xitoy hisobga olinmagan holda 3191 ta qatl qayd etilgan edi.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, ayrim davlatlar o‘lim jazosini “qattiq jinoyatchilikka qarshi kurash” va jamoat xavfsizligini ta’minlash vositasi sifatida qo‘llab, uni davlat nazoratini kuchaytirish va siyosiy manfaatlar uchun ishlatmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, real raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki Xitoyda minglab odamlar qatl etilgani taxmin qilinsa-da, bu haqda rasmiy ma’lumotlar ochiqlanmaydi. Amnesty International Xitoyni o‘lim jazolari bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlat deb hisoblaydi.
Tashkilot, shuningdek, Shimoliy Koreya va Vetnamdagi qatllar bo‘yicha ham ishonchli ma’lumot to‘play olmagan.
2025 yilda eng ko‘p o‘lim jazosi Eronda qayd etildi. Mamlakatda kamida 2159 kishi qatl qilingan bo‘lib, bu 2024 yildagi 972 ta holatdan ikki baravardan ortiqdir. Bu raqam dunyo bo‘yicha qayd etilgan qatllarning qariyb 80 foizini tashkil etadi.
Huquq himoyachilari fikricha, Eron hukumati ko‘p hollarda adolatsiz sud jarayonlaridan keyin aholida qo‘rquv uyg‘otish maqsadida o‘lim jazosini qo‘llamoqda.
AQSh esa ketma-ket 17 yil davomida Amerika qit’asida o‘lim jazosi qo‘llangan yagona davlat bo‘lib qolmoqda. 2025 yilda mamlakatda 47 ta qatl amalga oshirilgan. Bu 2024 yildagi 25 ta holatdan deyarli ikki baravar ko‘pdir.
Hisobotga ko‘ra, Belarusda 2025 yilda biror marta ham o‘lim jazosi yoki uni ijro etish holati qayd etilmagan. Bu Aleksandr Lukashenko hokimiyatga kelgan 1994 yildan buyon birinchi bor kuzatilmoqda.
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi esa prezident Sadir Japarovning o‘lim jazosini qayta tiklash taklifini insonning yashash huquqiga zid deb topgan.
Mavzuga oid
17:00 / 31.03.2026
Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi
17:38 / 09.02.2026
«Bishkeklik manyak» tergov izolyatori kamerasida jonsiz holda topildi
23:02 / 13.01.2026
Prokurorlar Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun uchun o‘lim jazosini so‘radi
22:28 / 22.12.2025