Turizm | 08:53
2048
1 daqiqa o‘qiladi

Imom Buxoriy majmuasi bir oyda 1 mlndan ortiq mehmon qabul qildi

Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qayta ochilganidan keyingi ilk oyda 1 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonni qabul qildi. Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmua mintaqadagi eng yirik ziyorat markazlaridan biriga aylandi.

Foto: Kun.uz

Pokistonning The World News portalida e’lon qilingan maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan majmua keng ko‘lamli me’moriy yangilanish asosida qayta qurilib, zamonaviylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, rekonstruksiyadan avval majmua kuniga qariyb 12 ming nafar tashrif buyuruvchini qabul qila olgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 65 ming nafarga yetgan.

Majmua hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, yashil maydonlar, piyodalar yo‘laklari va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi kengaytirilgan. Kechki yoritish tizimi esa majmuaning me’moriy ko‘rinishiga alohida joziba bag‘ishlamoqda.

Mehmonlar yaratilgan sharoitlar va oilaviy tashriflar uchun qulay muhitni yuqori baholamoqda.

Maqolada qayd etilishicha, Imom Buxoriy majmuasi O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish hamda islom sivilizatsiyasi merosini asrash va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid