Jahon | 08:47
902
3 daqiqa o‘qiladi

San-Diyegodagi masjidda otishma: besh kishi halok bo‘ldi

AQShning San-Diyego shahridagi Islom markazida sodir bo‘lgan otishma oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ikki nafar gumonlanuvchi ham bor.

Foto: REUTERS

Hodisa 18 may kuni Kaliforniya shtatidagi San-Diyego Islom markazida — okrugdagi eng yirik masjidda sodir bo‘lgan. Bu haqda AP, dpa va Reuters agentliklari xabar berdi.

Politsiyaga hodisa haqidagi xabar mahalliy vaqt bilan soat 11:40 atrofida kelib tushgan. Huquq-tartibot xodimlari voqea joyiga tez yetib kelib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Shahar politsiyasi rahbari Skott Uol ma’lum qilishicha, hujum natijasida uch nafar erkak halok bo‘lgan. Ular orasida Islom markazi qorovuli ham bor.

Ikki nafar ehtimoliy hujumchi esa o‘lik holda topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, turli darajada jarohat olgan bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar ikki nafar yosh yigit bo‘lgan. Hozirda ularning shaxsi va hujum sabablari aniqlanmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeani diniy nafrat zamirida sodir etilgan jinoyat sifatida ham ko‘rib chiqmoqda. Chunki hujum diniy obekt hududida amalga oshirilgan.

Otishma San-Diyego markazidan taxminan 14 kilometr shimolda joylashgan majmua hududida yuz bergan. Bu yerda masjiddan tashqari maktab ham faoliyat yuritadi.

Hodisa vaqtida binoda bolalar bo‘lgan, ammo ularning barchasi evakuatsiya qilinib, jabrlanmagan. Maktabda arab tili, islomshunoslik va Qur’on darslari o‘tilgan.

Politsiya ma’lum qilishicha, voqealar juda tez rivojlangan va otishma nafaqat masjid atrofida, balki yaqin hududlarda ham kuzatilgan.

Huquq-tartibot idoralari voqea joyiga yetib kelganidayoq qurbonlarni topgan. Keyinroq hodisa joyidan bir necha kvartal uzoqlikda turgan avtomashina ichida 17 va 19 yoshli ikki yigitning jasadi aniqlangan. Ular tan jarohatlarini o‘zlariga yetkazgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Maxsus operatsiyaga o‘nlab politsiya xodimlari, maxsus bo‘linmalar va tezkor xizmatlar jalb qilingan. Hudud to‘liq o‘rab olingan, ayrim yo‘llar yopilgan.

Kaliforniya shtati va San-Diyego shahar ma’muriyati aholi uchun boshqa xavf yo‘qligini bildirdi.

Tergov ishlariga Federal tergov byurosi ham qo‘shilgan.

Shundan so‘ng Nyu-York, Vashington va Los-Anjyeles politsiya boshqarmalari xavfsizlik maqsadida masjidlar va boshqa diniy muassasalar atrofida politsiya nazorati kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid