Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nazorat-kassa cheklari orqali avtomashina yutish imkoniyati yaratildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda. Endi onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida har oy yutuqli o‘yinlar o‘tkazilib, g‘oliblarga avtomashina taqdim etiladi.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab mazkur hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar uchun berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Tasdiqlangan nizomga muvofiq, xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, ilovada har bir chekning tanlovga kiritilgani haqida ma’lumot ham aks ettirib boriladi.
Yutuqli o‘yinlar har oy “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi. Tanlov bir oy davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar asosida shakllantiriladi va g‘oliblar inson omilisiz, cheklarni tasodifiy tanlash orqali aniqlanadi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir oylik yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina topshiriladi.
Mazkur tartib onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni kengaytirish, naqd pul aylanmasi shaffofligini ta’minlash va xaridorlarni chek talab qilishga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.