Jamiyat | 17:39
1716
1 daqiqa o‘qiladi

“Asabbuzarlik bo‘lib, 100 gramm ichgandim” – Surxondaryoda tez yordam haydovchisi “01”ga tushdi

Angor tumanida chaqiruvga ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasi to‘xtatilganda uning haydovchisi mast ekani aniqlandi. Haydovchi qilmishidan pushaymonlik bildirib, “asabbuzarlik bo‘lgani uchun 100 gramm ichganini” tan olgan.

Foto: Videodan kadr

Surxondaryoda tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi mast holda chaqiruvga ketayotganda to‘xtatildi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tunda Anor tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari harakat jarayonida shubha uyg‘otgan Damas rusumli tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatgan. Nazorat tekshiruvida uning haydovchisi mast holda ekani aniqlangan.

Haydovchining spirtli ichimlik ichgani alkotestr qurilmasida tasdiqlangan. U qurilmaga nisbatan e’tirozi yo‘qligini aytgan.

“Chaqiruvga ketyapman. Tushlikda ozgina asabbuzarlik bo‘lgandi, shuning uchun 100 gramm ichgandim. Qilgan ishimdan ozgina pushaymonman”, degan haydovchi.

Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, holat yuzasidan Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xabar berilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid