Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tailand sayyohlar uchun vizasiz rejim qoidalarini kuchaytirmoqda
Yangi tartib Tailandda qisqaroq qolish muddatlari va vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar sonini kamaytirishni o‘z ichiga oladi.
Pxuket oroli sohillari / Foto: iStock
19 may kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullangan qarordan so‘ng Tailand chet ellik sayyohlar uchun vizasiz rejim qoidalarini kuchaytirmoqda. Reutersʼning Tailand tashqi ishlar vazirligi rasmiysiga tayanib yozishicha, bu qisqaroq qolish muddatlari va vizasiz kirish huquqiga ega mamlakatlar soni kamayishini o‘z ichiga oladi.
Xususan, yangi qarorga ko‘ra, 93 ta davlat uchun amal qilib kelingan 60 kunlik vizasiz rejim bekor etiladi. 30 kunlik vizasiz rejim o‘z kuchida qoladi. 30 kunlik vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan mamlakatlar yoki hududlar soni ham 57 tadan 54 taga qisqartiriladi. TIV rasmiysi ro‘yxatdan chiqarib tashlanadigan uchta davlat nomiga aniqlik kiritmadi.
BBC nashrining yozishicha, endilikda sayyohlarning qancha muddat qolishi mumkinligi har bir davlat bilan alohida kelishuvga qarab belgilanadi. Ko‘pchilik uchun bu muddat 30 kundan oshmaydi. Undan ko‘proq qolmoqchi bo‘lganlar viza olishga majbur bo‘ladi.
Ushbu choralar mamlakatning rasmiy – Tay qirollik gazetasida e’lon qilinganidan keyin 15 kun ichida kuchga kiradi.
Rasmiylarga ko‘ra, o‘zgarishlar qator omillar: o‘zaro tenglik prinsipi, xavfsizlik masalalari va qoidalarning bir-birini takrorlashi kabi muammolarni hal qilish maqsadida amalga oshirilgan.
«Chunki bir nechta vizasiz rejim sxemalari sayyohlar o‘rtasida chalkashliklarni keltirib chiqarayotgandi», deya konsullik rasmiysi so‘zlarini keltirmoqda Reuters nashri. U aynan qanday chalkashliklar ekaniga batafsil to‘xtalmadi.
Millionlab sayyohlar va xavfsizlik
Osiyoning eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan Tailand 2019 yilda o‘zining eng yuqori cho‘qqisida chiqqan – qirollikka 40 million sayyoh kelgandi. Turizm – mamlakatda ish o‘rinlarining asosiy manbai va iqtisodiy o‘sishning bosh omili hisoblanadi.
Shu bois Tailand pandemiyadan keyin iqtisodiyotni rag‘batlantirish va turizmni rivojlantirish maqsadida vizasiz kelishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonini kengaytirib, qolish muddatini ham uzaytirdi. Xususan, 2024 yilda 93 ta davlat uchun 60 kunlik vizasiz rejim joriy qilingandi.
Turizm vazirligiga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan 17 maygacha bo‘lgan davrda mamlakatga kelgan sayyohlar soni 12,9 million kishini tashkil etgan. Tailand joriy yilda 32 million xorijiy sayyoh kelishini kutmoqda, bu o‘tgan yilgi qariyb 33 millionlik ko‘rsatkichdan biroz kamdir.
Biroq rasmiylar uzoq muddat qolish imkoniyati – qoidabuzarliklarga yo‘l ochgani, ba’zi sayyohlar mamlakat hududida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganidan xavotir bildirmoqda.
Mahalliy tadbirkorlar ham ayrim sayyohlar uzoq muddat ishlashga qolib, biznesga zarar keltirayotganidan noligan. Shu kabi qator omillar bois yuqoridagi choralar qo‘llanmoqda.
O‘zbekistonga hozircha xabarnoma kelmadi
So‘nggi yillarda MDHning ko‘plab davlatlari, xususan O‘zbekistondagi sayyohlik firmalari ham Tailand yo‘nalishida turlar taklif qilmoqda. O‘n minglab yurtdoshlarimiz 2024 yildan O‘zbekiston uchun ham vizasiz rejim o‘rnatilgan ushbu mamlakatga sayohat qilmoqda.
Kun.uz O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, yangi viza qoidalari borasida ma’lumot so‘radi. TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishcha, bu borada vazirlikka hozirgacha rasmiy murojaat kelib tushmagan.
“Tailand tashqi ishlar vazirligi ushbu masala yuzasidan barcha manfaatdor davlatlarni rasmiy ravishda xabardor qilishi lozim. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga mazkur masala bo‘yicha hech qanday rasmiy murojaat yoki bildirishnoma kelib tushmagan”.
Shuningdek, Omonulla Fayziyev O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim shartlari o‘zgarishi haqida rasmiy ma’lumot kelib tushgan taqdirda, bu haqda qo‘shimcha tushuntirish berilishini bildirdi.
Mavzuga oid
10:21 / 30.04.2026
Bedarak ketgan futbol jamoasi – g‘orda qamalib qolgan bolalar qanday qutqarilgandi?
10:39 / 24.04.2026
Dunyodagi opiy va geroin eng ko‘p tayyorlanadigan joy - giyohvand moddalar makoni bo‘lgan Oltin uchburchak
12:05 / 20.04.2026
Bedarak yo‘qolgan moviy olmos – tailandlik xizmatchi Saudiya qirollik oilasining boyliklarni qanday o‘g‘irlagandi?
11:03 / 19.03.2026