Jamiyat | 16:34
14050
7 daqiqa o‘qiladi

Kimlar qurbonlik qiladi? Uning hukm va odoblari

Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga tayanib, qurbonlik va uning hukmlari doir muhim ma’lumotlarni jamladi.

Foto: Sputnik

O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotiga ko‘ra, yurtimizda 2026 yilda muborak Qurbon hayiti 27 may sanasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu ulug‘ ayyomda musulmonlar qurbonlik qilishi bilan ajralib turadi. Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga tayanib, qurbonlik, uning hukmlari va odoblariga doir ma’lumotlarni taqdim qilmoqda.

Qurbonlik qanday amal?

Qurbonlik lug‘atda «yaqinlashmoq», «yaqin bo‘lmoq» ma’nolarini bildirib, istilohda bu so‘z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so‘yishni anglatadi.

Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimning Kavsar surasi 2-oyatida shunday marhamat qiladi: «Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling».

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilardi va boshqalarni ham qurbonlik qilishga targ‘ib etardi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin», degan.

Qurbonlikning tarixi

Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan. Ammo uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir», degan.

Qurbonlikdan maqsad nima?

Qurbonlik qilishdan maqsad banda o‘zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so‘ygan hayvonning go‘shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas. Haj surasining 37-oyatida shunday deyiladi: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!».

Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko‘rsatadi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo‘ladi.

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.

  • Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik - bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib, g‘ayridinlar unga ahl emas;

  • Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi;

  • Nisob egasi bo‘lish;

  • Muqim bo‘lish – musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham.

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so‘yish bilan ado topadi:

  • Qo‘y yoki echki, qoramol va tuya. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi.

Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilishlari mumkin. Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi shart.

Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

Qurbonlik qilinadigan hayvon aybdan holi bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

Qurbonlik qilish vaqti

Qurbonlik qilish vaqti — Xayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi. Hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi.

Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?

Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so‘yish orqali ado etiladi. Jonliqni so‘ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag‘ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rohmatullohi alayh bunday deydi: «Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir».

Qurbonlik odoblari

Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:

  • Birinchidan – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Boshqalar «ko‘rsin» yoki «eshitsin», degan niyatdan yiroq bo‘ladi.

  • Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi. Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-soqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir.

  • Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.

  • To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zi so‘ymasdan, boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.

  • Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.

  • Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya qilish.

Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tomondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid