Jahon | 08:23
2038
3 daqiqa o‘qiladi

Qum emas, muz: Yerdagi eng katta cho‘llar haqida

Yer yuzidagi eng yirik ikki cho‘l qaynoq qumliklar emas, balki muz bilan qoplangan qutb hududlaridir. Gap Antarktika va Arktika cho‘llari haqida ketmoqda.

Foto: travelask.ru

Cho‘l deb yog‘ingarchilik miqdori juda kam bo‘lgan hududlarga aytiladi. Ular barcha qit’alarda uchraydi va sayyora quruqlik hududining qariyb uchdan bir qismini egallaydi.

WorldAtlas ma’lumotlari asosida tayyorlangan infografikada dunyodagi eng yirik cho‘llar maydoni bo‘yicha reyting qilingan. U yerdagi qurg‘oqchil hududlar muzli qutblardan tortib subtropik tekisliklargacha qanchalik xilma-xil ekani ko‘rsatilgan.

Reytingda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni mos ravishda Antarktika va Arktika cho‘llari egallaydi. Antarktika cho‘li maydoni taxminan 14 million kvadrat kilometrni, Arktika cho‘li esa qariyb 13,9 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Antarktika cho‘li Yerdagi eng quruq joylardan biri hisoblanadi. Bu yerda yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik atigi 10 millimetrga teng. Hudud muz bilan qoplanganiga qaramay, yog‘ingarchilikning nihoyatda kamligi sababli Antarktida rasman cho‘l hisoblanadi.

Arktika cho‘li Kanada, Grenlandiya, Rossiya va boshqa davlatlarning shimoliy hududlarini qamrab oladi. Bu yerda yillik yog‘ingarchilik 100–400 millimetr atrofida bo‘ladi, ammo sovuq arktika havosi namlikni deyarli ushlab tura olmaydi.

Sahroi Kabir umumiy reytingda uchinchi o‘rinni egallaydi va dunyodagi eng yirik issiq cho‘l bo‘lib qolmoqda. Uning maydoni 9 million kvadrat kilometrga teng bo‘lib, bu taxminan Xitoy hududiga barobar. Shuningdek, u sayyoradagi eng katta qutbsiz cho‘l hisoblanadi.



Sahroi Kabir G‘arbiy Sahro, Jazoir, Liviya, Misr, Mavritaniya, Marokash, Niger, Chad, Eritreya, Sudan, Tunis va Mali hududlari orqali cho‘zilgan.

Mutaxassislar qayd etishicha, ushbu cho‘l hajmi kengayishda davom etmoqda. Iqlim o‘zgarishi, inson xo‘jalik faoliyati va tabiiy iqlim sikllari qurg‘oqchil hududlarning kengayishiga sabab bo‘lmoqda. 1920 yildan buyon Sahroi Kabir maydoni 10 foizdan ortiqqa o‘sgan.

Sahrodan keyin to‘rtinchi o‘rinda maydoni 2 million kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan Arabiston cho‘li turadi. Bu dunyodagi ikkinchi eng yirik subtropik cho‘l hisoblanadi.

Undan keyin taxminan 1,3 million kvadrat kilometr maydonni egallagan Gobi cho‘li joylashgan. U sovuq qishli cho‘llar turiga kiradi va Xitoy hamda Mo‘g‘uliston hududida joylashgan.

Ro‘yxatning quyi qismida esa Argentinadagi Patagoniya cho‘li — 572 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydon bilan va Avstraliyadagi maydoni qariyb 423 ming kvadrat kilometr bo‘lgan Katta Viktoriya cho‘li qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid