Jahon | 08:58
611
3 daqiqa o‘qiladi

YeIda migrantlar uchun “qaytarish markazlari” tashkil etiladi

Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqi davlatlari migratsiya siyosatini yanada qat’iylashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, Yevroittifoqda qolish huquqiga ega bo‘lmagan migrantlar uchinchi davlatlarda tashkil etiladigan maxsus deportatsiya markazlariga yuborilishi mumkin.

Foto: Vlasov Sulaj/AP Photo/picture alliance/dpa

21 may kuni Yevroparlament va YeI davlatlari vakillari noqonuniy migrantlarni uchinchi davlatlarga jo‘natish imkonini beruvchi yangi qonun bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Kelishuvga ko‘ra, boshpana so‘rovi rad etilgan va kelib chiqish mamlakatiga deportatsiya qilib bo‘lmaydigan migrantlar YeI bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa davlatlarga yuborilishi mumkin.

Tomonlar bildirishicha, barcha asosiy siyosiy masalalar bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan. Faqat yangi qoidalar qachon kuchga kirishi masalasi ochiq qolmoqda.

Dpa agentligining muzokaralardagi manbalariga tayanib xabar berishicha, YeI davlatlari milliy qonunchilikni yangi talablarga moslashtirish uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan. Yevroparlament esa yangi choralarni zudlik bilan kuchga kiritish tarafdori.

Kelishuv bo‘yicha navbatdagi muzokaralar 1 iyun kuniga belgilangan.

Mart oyida Yevroparlamentning fuqarolik erkinliklari, adliya va ichki ishlar qo‘mitasi migratsiya siyosatini kuchaytirishga qaratilgan tashabbusni ma’qullagan, keyinchalik uni Yevroparlamentning umumiy tarkibi ham qo‘llab-quvvatlagan edi.

Yangi choralar YeI davlatlariga Yevropa hududidan tashqarida deportatsiya markazlari tashkil etish imkonini beradi. Bu markazlarga boshpana so‘rovi rad etilgan migrantlar yuborilishi rejalashtirilmoqda.

Biroq YeIga ota-onasiz kelgan voyaga yetmagan bolalar deportatsiya qilinmaydi.

Shuningdek, yangi paketda Yevropa Ittifoqini tark etish haqidagi qarorga bo‘ysunmagan migrantlarga nisbatan qattiqroq jazolar nazarda tutilgan. Ularga kirish taqiqlari, hatto qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Bundan tashqari, noqonuniy migrantlarga beriladigan ijtimoiy nafaqalarni qisqartirish yoki butunlay bekor qilish ham rejalashtirilgan.

Ayni paytda Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari o‘z hududida deportatsiya markazlarini joylashtirishga tayyor davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari esa YeIning bu rejalarini keskin tanqid qilmoqda. Ular yangi qoidalar inson huquqlarining tizimli ravishda buzilishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda YeIda boshpana so‘rovlari soni o‘tgan yilga nisbatan 19 foizga kamaygan. Shu bilan birga, YeIni tark etish buyrug‘i berilgan migrantlarning faqat 20 foizi o‘z mamlakatiga qaytarilmoqda.

O‘tgan yili esa Yevropa Ittifoqidan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan shaxslarning rekord darajada — 28 foizi chiqarib yuborilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid