Jamiyat | 14:32
789
2 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda katta miqdordagi noqonuniy dori vositalari ushlab qolindi

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istondan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilayotgan 1 milliard 323 million so‘mlik dori vositalari fosh etildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istondan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 52 turdagi, jami 95 ming 369 dona tibbiyot buyumlari va dori vositalari aniqlangan.

Avtotransport vositasini Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqarib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida noqonuniy yuklarni qabul qilib olgan vaqtida Toshkent tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 milliard 323 million so‘mni tashkil etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid