Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saudiya Arabistoni “mashinasiz shahar” qurishni jadallashtirmoqda
Saudiya Arabistonida qurilayotgan futuristik The Line megaloyihasi doirasida uzunligi qariyb 28 kilometrdan bo‘lgan ikkita temiryo‘l tonnelini barpo etish bo‘yicha yangi shartnomalar imzolandi. Loyiha mamlakatning NEOM dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Foto: Neom
Bu haqda Limak Turkiya qurilish kompaniyasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tonnellar Saudiya Arabistoni shimoli-g‘arbida qurilayotgan 170 kilometrli oynali shaharning asosiy logistika uzellarini bog‘laydi. Tizim ichida harakatlanadigan poyezdlar soatiga 180 kilometr tezlikkacha yura oladi.
The Line loyihasi NEOM megadasturining markaziy qismi hisoblanadi. Shahar Akaba ko‘rfazidan Hijoz tog‘larigacha 170 kilometrga cho‘ziladi.
Loyihada shaharning kengligi atigi 200 metr, oynavand fasadlar balandligi esa taxminan 500 metr bo‘lishi rejalashtirilgan.
Barcha turar joylar, ofislar, xizmat ko‘rsatish obektlari va infratuzilma ushbu ulkan “lenta” ichida joylashtiriladi. Harakatlanish esa yerosti tonnellaridagi yuqori tezlikdagi transport kapsulalari orqali amalga oshiriladi.
Rejaga ko‘ra, shaharning bir chekkasidan ikkinchisiga safar vaqti 20 daqiqadan oshmasligi kerak.
Loyihada avtomobil yo‘llari nazarda tutilmagan. Saudiya hukumati uni “avtomobilsiz, ko‘chasiz va chiqindisiz shahar” deb atayapti. Shu bois tonnellar ichidagi temiryo‘l tizimi butun megatuzilmaning asosiy qismi hisoblanadi.
Shuningdek, loyiha to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh, shamol va vodorod energetikasi asosida ishlashi rejalashtirilgan.
Tunnellar qurilishi maxsus tunnel qazuvchi mashinalar emas, balki portlatish usuli orqali amalga oshiriladi. Mutaxassislar fikricha, bu usul Hijoz mintaqasidagi qattiq va quruq tog‘ jinslari uchun arzonroq va samaraliroq hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur yondashuv bir vaqtning o‘zida bir nechta nuqtadan qurilish ishlarini olib borish imkonini beradi.
Texnik ma’lumotlarga ko‘ra, har bir tonnel diametri 14 metrni tashkil qiladi. Bu ikki temiryo‘l izi hamda texnik xizmat ko‘rsatish platformasini joylashtirish uchun yetarli hisoblanadi.
Muhandislar ayniqsa ventilyatsiya va drenaj tizimlariga alohida e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. Chunki cho‘l hududida havo harorati 50 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Joriy rejaga ko‘ra, konsorsium tunnel qazish ishlarini 72 oy ichida yakunlashni maqsad qilgan. Qurilish bir vaqtning o‘zida to‘rtta uchastkada olib boriladi.
O‘rtacha qurilish sur’ati kuniga 5,8 metr tunnelni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Avstriya va Italiya o‘rtasidagi Brenner tunneli kuniga taxminan 4 metr tezlikda qurilmoqda, La-Mansh ostidagi Yevrotunnel qurilishida esa bu ko‘rsatkich kuniga 7 metrga yetgan.
Mavzuga oid
23:00 / 18.05.2026
Pokiston Saudiya Arabistoniga 8000 askar yubordi
21:37 / 17.05.2026
Saudiyada Qurbon hayiti sanasi e’lon qilindi
20:00 / 17.05.2026
Hujum qilmaslik pakti: Saudiya yangi tartibni taklif qilmoqda
20:50 / 16.05.2026