O‘zbekiston | 09:55
798
1 daqiqa o‘qiladi

Xavf darajasi past korxonalarda tekshiruv o‘tkazilmaydi

O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida tadbirkorlik sub’yektlarining qonunbuzilish xavfini baholash bo‘yicha yangi elektron tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, xavf darajasi past deb topilgan korxonalarda tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Nizom loyihasiga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari maxsus “ball” tizimi orqali “yuqori”, “o‘rta” va “past” xavf toifalariga ajratiladi. Baholashda statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridagi ma’lumotlar inobatga olinadi.

Hujjatga ko‘ra, xavfi yuqori va o‘rta toifadagi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi. Agar xavfli holatlar saqlanib qolsa, tekshiruv o‘tkazish tashabbusi ilgari surilishi mumkin.

Shu bilan birga, inson hayoti, sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi yoki atrof-muhitga tahdid aniqlangan holatlarda profilaktika tadbirlarisiz ham tekshiruv o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Loyihada ta’kidlanishicha, xavf darajasi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga nazorat organlari tomonidan aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid