Jamiyat | 19:07
2422
5 daqiqa o‘qiladi

O‘smir svetoforda ham to‘xtamagan: Qo‘qondagi mudhish avtohalokat tafsilotlari

Qo‘qonda Malibu minib, svetoforning qizil chirog‘ida ham to‘xtamay yurgan 9-sinf o‘quvchisi oxir-oqibat 9 yashar uch bolani urib ketdi. Ulardan biri – Mina Karimiy ismli qizaloq vafot etdi, tirik qolgan dugonalari esa shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, Minaning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Musibatlar har xil bo‘ladi... Ofatlar, talafotlar, falokatlar, qisqasi, kutilmgan holatlar. Aslida, kutilmagan emas, bu hammasi taqdir. Faqat bandasi uchun kutilmagan bo‘ladi.

Xalqimizda “avval kelgan avval ketsin” degan bir gap bor. Tushunasiz-a bu gapning ma’nosini? Yoshi kattalar o‘limini yengilroq o‘tkazish, bolalar vafotini esa og‘ir qabul qilish inson fitratida bor. Hech kimni bolam deb yig‘latmagin, deb duo qilishardi qariyalar, va bunda olam hikmati bor. Farzand dog‘iga chidash osonmas...

9 yashar Mina Karimiy onasi va singlisi bilan Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida shod-u hurram yashab kelishayotgan edi.

20 may kuni tong saharda uning singlisi tush ko‘rdi. Tushida opasining oyog‘i singan, jannatlarda yurgan emish. Tushi haqida onasiga aytib ham berdi...

Xuddi shu kuni soat 15:45 lar chamasi. Mina Karimiy tengqurlari bilan ko‘chada sayr qilish uchun onasidan ruxsat so‘radi. Rozilik olgan qizaloq dugonalari bilan ko‘chaga yo‘l oldi. Ko‘p o‘tmay, qizini tashqariga kuzatib, o‘zi kir yuvib o‘tirgan ona avtomashinaning asfalt yo‘lda uzoq sirpanib qattiq tormoz bosgani-yu vahimali gursillagan ovozni eshitdi.

Qop-qora Malibu to‘xtagan joyda tumonat odam to‘plangan, yo‘l chetida esa qizi Minaning oyoq kiyimi yotardi. Mushtipar ona surishtira-surishtira qizini shifoxonadan topdi. Qizining yuziga oq choyshab tashlangan edi...

Dugonalari bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan Mina Karimiyni yashirincha uydan mashina haydab chiqib ketgan 9-sinf o‘quvchisi urib yuborgan.

Mina Karimiyning onasi o‘zbek, otasi esa afg‘on edi. Otasi bu dunyoni tark etganda, u endigina 4 yoshda bo‘lgan. Otasining taftiga to‘ymagan qizaloq bor mehrni onasidan olayotgandi.

Afsuski, singil ko‘rgan tush o‘ng bo‘lib chiqdi...

Qizim to‘rt yoshida otasidan ayrilgan edi. Minani yolg‘izlikda o‘stirayotgan edim. Endi qizim jannatlarga, otasining yoniga ketdi.

Kichik qizim o‘sha kuni avtohalokatni tushida ko‘rgan ekan. Tushi haqida aytib bergan edi. Tushimda opamning oyog‘i sinibdi, jannatlarda yurgan emish, deganida hayron bo‘lgandim. Avtohalokatda rostdan ham Minaning oyog‘i singan edi.

Ikki yil avval uni Umraga olib borgan edim. Hajga ham borishni niyat qilib qaytgan edi”, deydi marhuma Mina Karimiyning onasi.

Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi neyroxirurgi Alisher Umarovning aytishicha, Mina bilan birga avtohalokatga uchragan ikki qizdan birining ahvoli og‘ir, yana biriniki esa barqaror.

Holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Otasining mashinasini haydab chiqib, shaharning Amir Temur ko‘chasida avtohalokat sodir etgan 9-sinf o‘quvchisi ehtiyot chorasi sifatida qo‘lga olingan. Guvohlarga ko‘ra, u qizaloqlarni katta tezlikda urib ketishidan bir necha soniya oldin svetoforning qizil chizig‘idan ham katta tezlikda o‘tib ketgan.

Afsuski, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun har turli choralar ko‘rilayotganiga qaramay, bu choralar har kuni O‘zbekiston yo‘llariga chiqayotgan avtoqotillarga qarshi ishlamayapti. Nega? Chunki ko‘p hollarda ular munosib jazolanmayapti, deya olamiz. O‘ta xavfli qoidabuzarliklar uchun ham bir og‘iz uzr so‘rash yoki arzimagan jarima – qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutlaqo nomutanosib. Toki qonun qoidabuzarlarni ham, ularning arzanda farzandlarini ham tiyib qo‘yolmas ekan, hali ko‘pgina bolajonlarni yo‘llarda yo‘qotamiz.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid