Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
Ota taxminan 8–9 yoshdagi o‘g‘lini “maqsadlariga yetishi” uchun avtomobil shinasiga bog‘lab, jismoniy zo‘riqishga undayapti va “mashg‘ulot” videolarini Instagram'ga joylab bormoqda. Holat tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bola nosog‘lom sport turiga jalb etilayotganini ta’kidlab, otaga chora ko‘rishni so‘ragan. Bolalar ombudsmani buni “normal amaliyot emas” deya baholab, bola manfaatlarida holatga aniqlik kiritish uchun tegishli idoralarga murojaat qildi.
Foto: Videodan kadr
Farg‘onada ota o‘zining taxminan 8–9 yoshli o‘g‘liga avtomobil shinasini bog‘lab, yugurishga majbur qilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Kadrlarda ota bolani “monstr o‘g‘lim” deya, uni shina bilan jismoniy mashq bajarishga undayotgani ko‘rinadi.
Sahifadagi boshqa videolarda ham bolaga nisbatan jismoniy bosim holatlari aks etgan.
Ota farzandiga “maqsadlariga yetish” haqida gapirgan, lekin qanaqa maqsadlar ekanini biror videoda tilga olmaydi.
Foydalanuvchilarning fikricha, ota farzandini sportda yuqori natijalarga yetkazishni, chempion qilishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin, biroq ko‘rsatilgan mashqlar professional sport tayyorgarligi talablariga mos kelmaydi. Aksincha, bu bolaga nisbatan ortiqcha jismoniy va ruhiy zo‘riqish sifatida baholanishi mumkin.
Izohlarda foydalanuvchilar bola nosog‘lom sport turiga majburlanayotgani va otaga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan. Jumladan, bir foydalanuvchi quyidagicha izoh qoldirgan:
“Mana shu ‘ota’ga munosabat kutib qolamiz. Farzandiga yetarli ‘pitaniya’siz va sport uchun zarur sharoitlarsiz jismoniy mashqlarga majburlayapti. Sahifasiga kirib ko‘rsangiz, bir qator shunga o‘xshash videolar bor. U bola hozir ilm olishi kerak bo‘lgan yoshda. Ishonchim komil, farzand otasining majburlashi bilan nosog‘lom yuklamalar ostida mashq qilmoqda. Sizlardan iltimos, bu holatga huquqiy baho berib, chora ko‘rishingizni so‘raymiz”, deyiladi izohda.
Bolalar ombudsmani Kun.uz’ga holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, bu normal holat emasligini ta’kidladi.
“Hozirgi kunda bolalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali kontent yaratish jarayoniga jalb qilish amaliyoti kengayib bormoqda va bu global muammo sifatida baholanadi. Ko‘p holatlarda ota-onalar farzandlarini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish orqali auditoriya yig‘ish yoki turli maqsadlarni ko‘zlashga intilmoqda. Masalaning murakkab jihati shundaki, bu borada aniq huquqiy tartib va cheklovlar yetarlicha belgilanmagan, natijada bolalar o‘z xavfsizligi va huquqlari nuqtai nazaridan yetarlicha himoyalanmagan holda qolmoqda”, deyiladi ombudsman munosabatida.
Idora pozitsiyasiga ko‘ra, bolaning shaxsiy hayotini internetda ommaviy namoyish qilish uning manfaatlariga zid bo‘lib, ota-onalar farzandlarining tobeligi va zaif holatidan foydalanish orqali ularning shaxsiy daxlsizligiga putur yetkazishi mumkin.
Ayni paytda Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida mutasaddi idoralar tomonidan ushbu holat bo‘yicha otaning shaxsini aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
10:11
Bolalar ombudsmani yuqori kuchlanishli obektlarda xavfsizlik ta’minlanishini talab qildi
22:32 / 21.05.2026
Og‘ir kasallikka chalingan 10 ming bolada jarrohlik amaliyoti davlat hisobidan o‘tkaziladi
08:24 / 20.05.2026
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
11:41 / 19.05.2026