Jahon | 09:08
3046
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi yarim millionga yaqin harbiydan ayrilgani aytildi

Buyuk Britaniyaning Hukumat aloqalari markazi (GCHQ) rahbari Enn Kist-Batler Rossiya Ukrainadagi urush davomida qariyb 500 ming nafar harbiydan ayrilganini ma’lum qildi. Bu G‘arb rasmiylari tomonidan shu paytgacha e’lon qilingan eng yuqori baholardan biri hisoblanadi.

Foto: AP

Enn Kist-Batlerning ta’kidlashicha, yangi razvedka ma’lumotlari Rossiya armiyasining Ukrainadagi urush boshlanganidan beri qariyb yarim million harbiysini yo‘qotganini ko‘rsatmoqda.

Britaniya ommaviy axborot vositalari qayd etishicha, bu yuqori lavozimli britan amaldorining urushning beshinchi yilida bunday raqamni birinchi marta omma oldida tasdiqlashi hisoblanadi.

Avvalroq g‘arblik tahlilchilar Rossiyaning halok bo‘lgan harbiylari sonini 325 ming atrofida baholab kelgan edi. Jumladan, AQShdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra shunday hisob-kitoblarni keltirgan.

CSIS ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlari, ya’ni halok bo‘lganlar, yaralanganlar va asirga tushganlarni qo‘shganda, qariyb 1,2 million kishiga yetgan.

Tahlilchilar bu ko‘rsatkichlarni Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda yetakchi davlatlar orasida kuzatilmagan darajadagi harbiy yo‘qotishlar sifatida baholamoqda.

Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlarining Uchinchi armiya korpusi qo‘mondoni Andrey Biletskiy Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlar tufayli zaiflashganini va yirik hujum operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlari cheklanganini bildirgan.

Uning fikricha, keyingi olti-to‘qqiz oy Ukrainadagi urush taqdiri uchun hal qiluvchi davr bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid