O‘zbekiston | 19:57
2100
5 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rtan GKM bo‘yicha yirik korrupsiya va fojiali tungi poyga - mahalliy dayjest

Sho‘rtan Gaz-kimyo majmuasini kengaytirish doirasida 643 mlrd so‘m talon-toroj qilindi. Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi uchun keng ko‘lamli imtiyozlar e’lon qilindi. Toshkentdagi barcha qurilish obektlari uchun yangi talablar joriy etiladi. Surxondaryodagi tungi poyga fojia bilan yakunlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Madaniyat, san’at va adabiyot sohasi uchun keng ko‘lamli imtiyozlar e’lon qilindi

Prezident «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonda teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at hamda adabiyot kabi yo‘nalishlarda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash; shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini ta’minlash; ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan ta’minlash, 3 ming nafarini bepul davolash; nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028 yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish kabi maqsadlar belgilangan.

Farmonga ko‘ra, «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaga 2026 yil 1 iyulga qadar respublika budjeti hisobidan 200 milliard so‘m ajratiladi hamda 2027 yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida har yili kamida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutiladi.

Sho‘rtan Gaz-kimyo majmuasini kengaytirish doirasida 643 mlrd so‘m talon-toroj qilindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, «O‘zbekneftgaz» AJ va yana to‘rtta korxona mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, Sho‘rtan Gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha berilgan 5,3 trln so‘mlik xizmatlar QQSdan ozod etilgan bo‘lsa-da, QQS summasini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy kiritgan.

Oqibatda, budjetda asossiz ravishda QQS mablag‘ini hosil qilib, ushbu mablag‘ning qaytarilishiga erishib, 643,2 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkentdagi barcha qurilish obektlari uchun yangi talablar joriy etiladi

Toshkent shahar hokimining «Axborot, hisobot, muloqot» shaklidagi uchrashuvi doirasida qurilish obektlarida ekologik normalarni joriy etish va maydonlarni yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan yangi loyiha taqdim etildi.

Loyihaga ko‘ra, qurilish obektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘raladi. Shuningdek, obekt pasporti o‘rnatilib, unda qurilish haqidagi barcha zarur ma’lumotlar joylashtiriladi. Piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etish ham majburiy talablardan biri bo‘ladi. Qurilish maydonlari atrofida mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu choralar havoga tarqaladigan chang miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.

Qurilish jarayonlarini doimiy kuzatib borish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va ular Qurilish nazorati inspeksiyasining yagona tizimiga integratsiya qilinadi.

Surxondaryodagi tungi poyga fojia bilan yakunlandi

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 17 va 20 yoshli yigitlar Damas va Nexia avtomobillarida tungi vaqtda poyga o‘ynab, avtohalokatga uchradi. Oqibatda ikki kishi: o‘smir yigit va bir yo‘lovchi halok bo‘ldi.

IIV YHXX xabariga ko‘ra, Damas’ni 2009 yilda tug‘ilgan, hali haydovchilik yoshiga yetmagan yigit boshqargan. Avtomobilda undan tashqari yana 4 nafar tengquri ham bo‘lgan. Nexia rulidagi shaxs esa ularning tanishi – 2006 yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q erkak bo‘lgan.

Ikkala mashina kimo‘zarga o‘ynab, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan paytda halokatga uchragan. Oqibatda Damas’ning 17 yashar haydovchisi va Nexia’dagi yo‘lovchi vafot etgan. Qolganlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid