O‘zbekiston | 11:00 / 04.06.2026
996
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Yandex Lavka bilan endi nogironligi bo‘lgan shaxslar ham hamkorlik qilishi mumkin

Kompaniya loyihaga ulanish va o‘qitish jarayonlarini eshitishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirdi hamda ularga omborchi sifatida faoliyat yuritish imkonini taqdim etdi. Mutaxassislar xizmat darkstorlarida buyurtmalarni yig‘ish va qadoqlash, tovar yetkazib berishni qabul qilish va joylashtirish, mahsulotlar zaxirasini nazorat qilish hamda omborda tartibni saqlash kabi vazifalarni bajaradilar.

Foto: Yandex Lavka

Loyiha Toshkent shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlovchi «Sharoit Plyus» jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tashkilot nomzodlarni saralashda ko‘maklashadi, ularni suhbatlarga tayyorlaydi va ishga moslashish jarayonida qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, «Sharoit Plyus» o‘zbek ishora tili tarjimonlarini ta’minlaydi hamda Yandex Lavka jamoalari uchun eshitishida nuqsoni bo‘lgan mutaxassislar bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazadi.

Mutaxassislar uchun tayyorlangan o‘quv materiallari subtitrlar bilan to‘ldirildi, darkstor jamoalari uchun esa eshitishida nuqsoni bo‘lgan xodimlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar ishlab chiqildi.

Hamkorlik uchun ariza topshirish imkoniyati 18 yoshdan oshgan, to‘liq ish kuni davomida faoliyat yuritishga tayyor va yozma ma’lumotlarni o‘qiy oladigan erkaklar hamda ayollar uchun ochiq.

«Inklyuziv muhitni rivojlantirishda nafaqat texnologik yechimlar, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mehnat qilish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan tizimli yondashuv ham muhim ahamiyatga ega. Yandex Uzbekistan bu yo‘nalishni izchil rivojlantirib, servislarni moslashtirmoqda, qulay va ochiq muhit yaratmoqda hamda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun yangi imkoniyatlarni ishga tushirmoqda. Loyihada «Sharoit Plyus» jamoat birlashmasining ishtirok etayotgani ham muhim, zero u nomzodlarning moslashuv jarayoniga ko‘maklashib, jamoalarni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, prezidentning ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mansurbek Olloyorov.

Yandex Uzbekistan’da inklyuziya haqida

Yandex Uzbekistan imkoniyati cheklangan insonlar uchun raqamli xizmatlar va ish muhitini yanada qulay qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib bormoqda. Kompaniyaning to‘qqizta xizmati, jumladan Yandex Go, Alisa AI, Pochta, Brauzer, Yandex Music va Yandex Books ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyati zaif foydalanuvchilar uchun maxsus imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda kompaniya Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ijtimoiy taksi loyihasini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Yandex Go bilan qariyb 700 nafar kar va eshitishida nuqsoni bo‘lgan haydovchi-hamkorlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, xizmatda yo‘lovchilar uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan maxsus imkoniyatlar bilan safar qilish xizmati ham mavjud.

Моҳидил Абдуллаева
Tayyorlagan Моҳидил Абдуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish