18:29 / 10.10.2016
5356

Kuvaytdagi nashr O‘zbekistondagi saylov oshkoralik muhitida o‘tishiga ishonch bildirdi

Kuvaytda chop etiladigan «As-Siyasa» gazetasida «O‘zbekistonda bo‘lajak prezidentlik saylovlari oshkoralik muhitida o‘tadi» sarlavhasi ostidagi maqola bosilib chiqdi. Bu haqda Jahon axborot agentligi xabar bergan.

Maqola O‘zbekistonda 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari mavzusiga bag‘ishlangan.

Unda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan, joriy yil 4 dekabrda respublikada davlat rahbari saylovlari bo‘lib o‘tajagi to‘g‘risidagi xabarni gazetxonlar e'tiboriga havola etish bilan boshlanadi. 

Maqolada “O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat Prezidenti sayloviga 4ta partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirok etishini tasdiqladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamuratov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z yetakchilari Narimon Umarov va Hotamjon Ketmonov nomzodlarini mamlakat Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ilgari surgani” ma'lum qilingan.

Kuvayt gazetasi saylov jarayonining barcha bosqichlarida oshkoralik va ochiqlikni ta'minlash oldinda turgan O‘zbekiston Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish chog‘idagi asosiy ustuvorlik hisoblanishini qayd etgan. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorligi tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasman taklifnomalar yuborganini alohida ta'kidlagan.

“Bir vaqtning o‘zida saylovlar monitoringi uchun 300 nafardan ziyod kuzatuvchi ham akkreditatsiyadan o‘tadi”, deb yozadi nashr.

Shuningdek, «As-Siyasa» gazetasi saylovoldi kampaniyasida saylov komissiyalari faoliyatini izchil va to‘liq yoritishga, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilishini o‘z o‘quvchilarining e'tiboriga havola qilgan. 

Bundan tashqari, maqolada O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqidagi ma'lumotlar ham o‘z ifodasini topgan. 

Nashr O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 71-sessiyasining umumiy munozaralaridagi chiqishiga tayangan holda O‘zbekiston o‘zining asosiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surishga qaratilgan tashqi siyosatini izchil davom ettirishi ham ma'lum qilingan. 

Shu bilan birga, muallif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning respublika bundan buyon ham barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni davom ettirishi, bu borada O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tibori va pozitsiyasini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi faol amalga oshirilishini ham qalamga olgan.

Maqola intihosida oldinda turgan mazkur saylovlar umum miqyosda qabul qilingan demokratiya tamoyillari hamda amaldagi milliy qonunchilik me'yorlariga muvofiq ravishda o‘tkazilishiga komil ishonch bildirilgan.

Top