20:18 / 17.05.2024
9101

Qozoq tilini boshlang‘ich darajada bilmaydiganlarga Qozog‘iston fuqaroligi berilmaydi

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev aholi migratsiyasi va jinoyat ijro tizimi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Bu haqda Oqo‘rda axborot xizmati ma’lum qilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev. Foto: nur.kz

Qonunga Qozog‘iston fuqaroligiga qabul qilish va fuqarolikni tiklash uchun berilgan arizalarni rad etish asoslariga taalluqli o‘zgartirishlar ham kiritilgan. Ularning orasida voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etish, davlat tilini elementar darajada, Konstitutsiya asoslari va Qozog‘iston tarixini fan va oliy ta’lim sohasida vakolatli organ belgilagan lozim darajada bilmaslik ham bor.

Qonunga ko‘ra vizalarning yangi turlari joriy etilmoqda. Ularning orasida investorlar uchun ko‘p martalik vizalar va ehtiyojli kasb sohiblari uchun vizalar bor. Bunday viza sohiblariga Qozog‘istonda ishlash va doimiy istiqomat iznini olish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, hujjatda hukumat tomonidan belgilangan hududlarga ko‘chirilayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ham belgilanmoqda. Ko‘chirilganlarga dehqonchilik yoki fermerlik xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari taqdim etiladi, shuningdek ko‘chish uchun moddiy yordam va subsidiya, turar joy ijarasi hamda kommunal xizmatlar to‘lovlari uchun xarajatlarni qoplab berish uchun mablag‘lar beriladi. Shuningdek, iqtisodiy mobillik sertifikatlari ham beriladi.

Shuningdek, imzolangan o‘zgartirishlargako‘ra, jinoyat ijro tizimi muassasalari, tergov hibsxonalari va vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida videokuzatuv tizimlariga zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari bilan aloqador shaxslar, retsidivistlar, uyushgan jinoiy guruhlarda liderlik pozitsiyada bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etib, o‘z mamlakatiga xalqaro shartnomalar asosida qaytarilgan shaxslarning Qozog‘istonga kirish taqiqlanmoqda

Umuman olganda, qonun aholi migratsiyasi va jinoyat ijro tizimidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan.

Top