22:31 / 24.01.2019
5628

O‘zbekistonda ekologiyaga oid qanday yangi loyihalar amalga oshiriladi?

24 yanvar kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi doirasida qator yangi loyihalar taqdim etildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov Kun.uz muxbirining shu haqidagi savoliga javob berib, quyidagilarni ma'lum qildi:

"Bugungi konferensiya doirasida qator yangi aniq loyihalar taqdim etildi. Bular:

1. Orol tubida o‘rmonlar barpo etish. Bunga doir aniq loyihamiz, mablag‘lar, rejalarimiz bor. Biz bu ishni boshladik, lekin xalqaro hamkorlarimiz, Yevropa Ittifoqi davlatlarini ham shu loyihani moliyalashtirish va birgalikda amalga oshirishga jalb qilmoqchimiz.

2. Orol bo‘yi mintaqasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish. Qoraqalpog‘istonni oladigan bo‘lsak, u yerda 31 ta chiqindi poligoni bor, uni qisqartirish kerak, chunki bu ko‘p hisoblanadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan kelishuv asosida bu loyihani ham boshladik. Shunday bo‘lsa-da, loyiha boshqa donor-davlatlar uchun ham ochiq.

3. Bioxilma-xillikni saqlash, muhofazadagi tabiiy hududlarni tashkil qilish. Hozirgi kunda tabiiy hududlar soni 700 ming gektarga yaqin. Qoraqalpog‘iston hududida qo‘yilgan vazifaga asosan biz bu ko‘rsatkichni yaqin kelajakda 3 mln gektargacha yetkazishimiz, ya'ni yangi tabiiy muhofazadagi hududlarni tashkil qilishimiz kerak. Bu, albatta, qo‘shimcha mablag‘, qo‘shimcha investitsiyalarni talab qiladi.

Bundan tashqari, yana boshqa loyihalar ham anjuman doirasida taqdim etildi".

Ta'kidlash joizki, Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi 25 yanvar kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Bundan avval Kun.uz'da Toshkentda Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo yuqori darajali VI konferensiyasi doirasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va yashil iqtisodni ilgari surish masalalari muhokama qilinayotganiga oid xabar taqdim etilgan edi.

Top