Jahon | 09:12 / 25.09.2022
40894
9 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: taktik yadro qurollari nima va Rossiya ulardan foydalanishi mumkinmi?

Vladimir Putin Rossiya hududini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanishga tayyor ekanini aytdi. Bu so‘zlar dunyoda Rossiya prezidenti Ukrainada kichik «taktik» yadroviy portlashni uyushtirishi mumkinligi haqidagi navbatdagi jiddiy xavotirlar to‘lqinini yuzaga keltirdi.

Taktik yadro snaryadini gaubitsadan ham otish mumkin / RUSSIAN MOD

AQSh prezidenti Jo Bayden Putinni ogohlantirib, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon harbiy eskalatsiya bo‘lishini aytdi.

Rossiya armiyasi Ukrainada taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinmi va u qanday oqibatlarga olib keladi?

Taktik yadro quroli nima?

Taktik yadro quroli (TYaQ) – kichik yadroviy zaryadlar bo‘lib, jang maydonida foydalanish yoki cheklangan yadroviy zarba berish uchun mo‘ljallangan. Ular ma’lum bir hududdagi nishonlarni yo‘q qilishga xizmat qiladi, ammo katta hajmdagi radioaktiv ifloslanishga olib kelmaydi.

Eng kichik taktik yadro kallagining kuchi trotil ekvivalentida bir kilotonnagacha (ya’ni portlash kuchi ming tonna trotildan oshmaydi) bo‘ladi. Eng kattasi 100 kilotonnagacha bo‘lishi mumkin. Strategik yadro qurollari ancha kuchli – 1000 kilotonnagacha. Strategik qurollar uzoq masofadagi, minglab kilometr uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilish uchun qo‘llanadi.

Yadro kallaklarining jami soni

Tarixdagi eng kuchli termoyadro portlashi – Sovet «Tsar-bomba»si kuchi 58 megatonnadan ortiq edi. Xirosimaga tashlangan Amerika atom bombasining quvvati 15 kilotonna bo‘lgan.

Rossiya qanday taktik yadro quroliga ega?

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2 mingga yaqin taktik yadro zaryadi bor. Ularni turli raketalarga, masalan, qanotli va operativ-taktik raketalarga, shuningdek, artilleriya snaryadlariga o‘rnatish mumkin.

TYaQ samolyotlar yoki kemalardan ham ishlatilishi mumkin – bunda jangovar kallaklar raketalar, torpedolar yoki suvosti bombalariga o‘rnatiladi.

Rossiyaning strategik yadro kallaklari

Qo‘shma Shtatlarning ta’kidlashicha, Rossiya so‘nggi yillarda bunday qurollarni ishlab chiqarish, ularning aniqligi va qo‘llash mumkin bo‘lgan masofasini oshirish uchun katta mablag‘ sarflagan.

TYaQ avval ishlatilganmi?

Taktik yadro qurollari haqiqiy harbiy to‘qnashuvlarda hech qachon qo‘llanmagan.

AQSh yoki Rossiya kabi yadroviy davlatlar taktik maqsadlarga erishish uchun oddiy zamonaviy qurollar yetarli, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, hozircha hech bir yadroviy davlat shu vaqtga qadar taktik yadro qurolidan foydalanish orqali yadro urushi boshlanib ketishini istamagan.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya katta strategik raketalardan ko‘ra taktik yadro qurolidan foydalanishga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkin.

«Ehtimol, ular buni yadro qurolidan foydalanish bilan bog‘liq cheklovlarini chetlab o‘tish sifatida baholamayotgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, ular uchun bu oddiy qurollarning bir qismidir», deydi Britaniyaning Chatham House instituti xalqaro xavfsizlik dasturi rahbari Patrisiya Lyuis.

Putin yadro qurolidan foydalanishi mumkinligidan tashvishlanish kerakmi?

2022 yil fevral oyida, Ukrainaga bostirib kirishidan sal oldin, prezident Putin Rossiyaning strategik yadroviy kuchlarini (SYaK) «maxsus jangovar navbatchilik rejimi»ga o‘tkazgan va harbiy mashqlarni tashkil qilgan edi.

Yaqinda u yadro qurolini nazarda tutib shunday dedi: «Mamlakatimizning hududiy yaxlitligiga tahdid yuzaga kelsa, Rossiyani va xalqimizni himoya qilish uchun biz, albatta, qo‘limizdagi barcha vositalardan foydalanamiz. Bu blef emas».

Taktik yadro qurolini Su-24 bombardimonchisi orqali ham tashlash mumkin.
SERGEI MALGAVKO/TASS

Rossiya Ukrainaning janubi va sharqida o‘zi bosib olgan hududlarni annexia qilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun u yerda soxta, mutlaqo noqonuniy «referendumlar» o‘tkazilmoqda. Buning oqibatida Kreml ushbu hududlarni Rossiyaga qo‘shib olinganini e’lon qilishi mumkin. Shu bilan bog‘liq holda prezident Putin mamlakatning «hududiy yaxlitligini» (jumladan, Ukrainaning noqonuniy annexia qilingan viloyatlarini) «har qanday yo‘l bilan» himoya qilishga tayyorligini ma’lum qilmoqda.

Amerika razvedkasiga ko‘ra, Putin bu tahdidlar bilan yadro urushi boshlashni rejalashtirmagan, balki G‘arb tomonidan Ukraina yerlari qaytarilishida yordam berilishini to‘xtatishni ko‘zlamoqda.

Boshqalar esa Rossiya jang maydonida yana muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Ukrainadagi «o‘yin qoidalarini o‘zgartirish», boshi berk ko‘chadan chiqish yoki yakunda mag‘lubiyatga uchramaslik uchun Putin kamquvvatli taktik qurollardan foydalanish talvasasiga tushishi mumkinligidan tashvishlanmoqda.

AQSh Karnegi jamg‘armasining yadro energetikasi bo‘yicha eksperti Jyeyms Akton shunday deydi: «Bunday sharoitda Putin barchani qo‘rqitish va o‘z maqsadiga erishish uchun Ukrainada yadro qurolidan foydalanishi mumkinligidan xavotirlanishga barcha asoslar bor. Lekin biz hali bu nuqtaga yetib bormadik».

AQSh bunga qanday munosabatda?

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyani Ukrainadagi urushda yadro qurolidan foydalanmaslikka chaqirdi.

CBS News telekanaliga bergan intervyusida Bayden bu kabi harakatlar «Urushning qiyofasini Ikkinchi jahon urushidan beri hech qachon sodir bo‘lmagan shaklda o‘zgartirishi»ni aytdi va «bu oqibatsiz qolmasligi»dan ogohlantirdi.

AQSh va NATO har qanday yadro qurolidan foydalanishga qanday reaksiya bildirishini aytish qiyin. Bir tomondan, ular to‘liq miqyosli yadro urushini boshlash xavfidan qochib, mojaroni yanada kuchaytirishni xohlamasligi mumkin. Boshqa tomondan, ular sodir bo‘layotgan voqealarga chek qo‘yishni xohlashi mumkin.

Rossiyani taktik yadro qurolidan foydalanishdan qaytara oladigan yana bir davlat bor. Bu – Xitoy.

«Rossiya Xitoyning qo‘llab-quvvatlashiga juda bog‘langan», deydi London Qirollik kollejining atom energiyasi bo‘yicha eksperti Hizer Uilyams.

«Ammo Xitoyda «birinchi bo‘lib qo‘llamaslik» haqidagi yadro doktrinasi bor. Demak, agar Putin taktik yadro qurolidan foydalansa, Xitoy uchun uni qo‘llab-quvvatlash qiyin bo‘lardi. Agar Putin bunday qurol ishlatsa, Xitoyni yo‘qotib qo‘yishi mumkin», dedi Uilyams.

Pavel Aksyonov, BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi:

Dunyoda Rossiya tomonidan taktik yadro qurolidan foydalanish ehtimoliga munosabat juda jiddiy, garchi aksariyat ekspertlar Rossiya ulardan foydalanmaydi, deb hisoblasa ham. Bunday amaliyot oqibatlari shu qadar katta va xavfliki, hatto uni qo‘llash ehtimoli past bo‘lgan holatlarda ham hushyorlikni unutish imkonini bermaydi.

Taktik yadro qurollari juda xilma-xildir. Ular kemalarga qarshi raketalarni, quruqlikdagi qanotli va ballistik raketalarni, suvosti bombalarini, kema va suvosti kemalari torpedolarini, artilleriya snaryadlarini, kichik yadro fugaslarini va hatto Moskva A-135 havo mudofaa tizimi raketalarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu tizimlarning barchasi ham xorijiy davlatlar tomonidan hisobga olinmaydi va nazorat qilinmaydi, chunki strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma, ta’rifiga ko‘ra, tezkor-taktik darajadagi qurollarni o‘z ichiga olmaydi.

Bu juda samarali urush vositasi, chunki har qanday shaklda juda qudratli kuchga ega, hatto strategik yadro qurollari kabi keng ko‘lamli zarar keltirmasa ham. Yuqori aniqlikda zarba beruvchi qurollar tanqisligiga duch kelgan har qanday armiya uchun muammoni bitta zarba bilan hal qilish imkoniyati juda jozibali. Masalan, dushman egallab turgan hududni bir zumda tozalash imkonini beradi.

Bundan tashqari, strategik yadro quroli bilan zarba berish oqibatida javob zarbasi ham vujudga keladi. Ammo taktik yadro quroli butunlay boshqacha masala.

Taktik qurollar strategik qurolga qaraganda kamroq nishonlarni yo‘q qiladi, shuningdek, radioaktiv ifloslanish ham jiddiy bo‘lmaydi. Shu sababli uni qo‘llagan tomon javob zarbasi berilmasligiga, eskalatsiya nazoratsiz tarzda kuchayib ketmasligiga umid bog‘lashi mumkin. Bu tasavvurlar taktik yadro qurolidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatadi.

Ammo, boshqa tomondan, Ukrainada taktik yadro qurolidan foydalanish mumkinligi haqidagi taxminlar (hatto Vladimir Putin sentabr oyidagi murojaatida taktik emas, balki strategik yadro qurollari haqida gapirgan bo‘lsa ham) allaqachon jiddiy xalqaro reaksiyaga sabab bo‘lmoqda.

1945 yil 9 avgustdan buyon urushlarda yadro quroli qo‘llanmagan – dunyo yadro urushidan qo‘rqishga ko‘nikib qolgan. Taktik yadro qurolidan foydalanish eskalatsiyani shu qadar kuchaytiradiki, buni hamma his qiladi. Chunki, yadro qurolidan foydalanmaslikka asoslangan strategik barqarorlik barcha mamlakatlarga tegishli. Hatto kichik yadroviy bombadan foydalanish ham hech kimga ma’qul kelmaydi.

Mavzuga oid