«Jarayon hali davom etadi» - ozodlikka chiqqan Abdukarim Mirzayev bilan katta suhbat
Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayev «shubhali shaxslar» bilan aloqadorlikda gumonlanib, 11 dekabrga o‘tar kechasi Istanbulda qo‘lga olingan edi. Jurnalistga nisbatan gumonlar o‘z tasdig‘ini topmagach, 33 kundan so‘ng ozod etildi.
Kun.uz'ning Turkiyadagi muxbiri jurnalist bilan suhbatda bo‘ldi.
– Hibsda ekaningizda turli gumonlar, fikr-mulohazalar yangradi. O‘ylaymanki, bugungi suhbatimiz bu fikr-mulohazalarga birinchi shaxs tilidan oydinlik kiritib beradi. Xo‘sh, o‘sha kun aslida nima bo‘lgandi?
– Avvalo, bir narsaga oydinlik kiritib olish kerak. Voqea muhimmi, voqea atrofidagi fikrlar muhimmi? Har doim nisbiy narsa ikkinchi planga tushaveradi. Bu yerdagi real narsa – bu voqeaning sodir bo‘lgani.
Voqea haqidagi har qanday fikr – xoh ijobiy bo‘lsin, xoh salbiy bo‘lsin – hammasi nisbiy fikrlardir. Masalan, kimdir meni ko‘kka ko‘targan bo‘lsa, «U yaxshi edi» degan bo‘lsa, bu nisbiy fikr. Kimdir istaganicha mag‘zava ag‘dargan bo‘lsa, bu ham nisbiy fikr.
Lekin men uchun haqiqat – bu voqeaning sodir bo‘lgani. Nima uchun sodir bo‘ldi, qanday sodir bo‘ldi? Nega bo‘ldi? Nega men bilan bo‘ldi? Men bir inson o‘laroq, o‘zimga bu savollarni berdim, lekin hozirgacha to‘liq bir javob olganim yo‘q.
Masalan, «Mana shuning uchun bo‘ldi» degan gapni hech kim menga aytgani yo‘q. O‘zimning shaxsiy umumiy xulosam shuki, «Bir tekshirib ko‘raylik, bu odam kim?» degan bir savol qo‘yilgan bo‘lsa, mening ishtirokimsiz tekshirib ko‘rishdi. Nega mening ishtirokimsiz? Chunki meni so‘roq qilishgani yo‘q. So‘roq qilish uchun bir sabab, bir jinoiy ish bo‘lishi kerak. Unaqa holat yo‘q. Shunchaki, bir tekshirib ko‘raylik deb, oxirigacha tekshirib, ko‘ngillari xotirjam bo‘ldi.
Chiqayotganimda so‘radim: «Oxir-oqibat, aytarsizlar nega men bir oydan ortiq bu yerda qoldim?» desam, «Nima qilasan so‘rab, hayotingni davom ettiraver», deyishdi.
Bir jurnalist sifatida bu yerda (Turkiya – tahr.) ham, O‘zbekistonda ham bir qadar tanildim, desam haddimdan oshmagan bo‘lsam kerak. «Buni bir tekshirib ko‘raylik, o‘zimizning xavfsizligimiz uchun» deyishgan bo‘lsa, nur ustiga nur. Mana, tekshirib ko‘rishdi. Men ham men haqimdagi har xil gumonlardan qutuldim, deb o‘ylayman.
Do‘stlarimizdan biri aytadi: «Bunday voqealardan keyin odam bir qadar obro‘sizlashadi, shubhalar paydo bo‘ladi. Lekin senda buning tamoman aksi bo‘ldi».
Masalan, kimdir bir muammoga duch kelsa, uning yonidagi odamlar ketadi, to‘g‘rimi? Men bir muammoga kirganda hamma keldi. Yordam taklif qilib, boshqa qilib. Hamma har turli yordamlar bilan keldi.
Allohga beadad shukr, har doim yordamchimiz bo‘ldi. Eng kerakli odamlarni eng kerakli nuqtalarda kerakli ishlarni qilishiga sabab qilib qo‘ydi va bu jarayon uzoq cho‘zilmadi. Uzoqroq cho‘zilishi mumkin edi-da.
Kecha tomoshabinlarimizdan biri: «Tasbehni ham o‘ttiz uch marta o‘giramiz, siz ham o‘ttiz uch kun o‘tiribsiz. Bunda ham bir hikmat bor. O‘tgan kunlaringiz, butun hayotingiz go‘zal sarhisob bo‘libdi», deb yozibdi. Men ham shunday deb qabul qildim. Bir so‘z bilan aytganda, shu.
Yana bir marta ta'kidlab aytaman: hech bir jinoyat bilan ayblanganim yo‘q. Bir marta ham so‘roq qilinganim yo‘q. Hatto men o‘zim: «Kimdir meni so‘roq qilsin, xavfsizlikdanmi, politsiyadanmi, prokuraturadanmi kimdir kelib, qarshimga o‘tirsin, savol bersin, nima uchun?» deb so‘raganimda menga: «Seni hech kim so‘roq qilmaydi. Agar sen so‘roq qilinadigan ish qilganingda bu yerda emas, boshqa bir joyda bo‘larding. Xotirjam bo‘l, ozgina jarayon bor», deyishdi. Menimcha, oxirigacha o‘rganib chiqishdi, shekilli.
Gohida tuhmat balosi ham bo‘ladi-da. Tuhmat juda yomon. Masalan, tariximizga qarasak ham bitta tuhmatni deb, odamlarning hayotlari vayron bo‘lib ketganini ko‘rish mumkin. Oddiy bir fuqaroning hayotidan tortib, to shohlarning hayotigacha... Alloh bundan asrasin. Chunki sizga tuhmat qilinsa, aslida unday emasligini isbotlash uchun butun umringizni sarflashingiz mumkin. Ammo baribir isbotlay olmaysiz. Odamlar ishongisi kelgan narsaga ishonadi.
– Suhbatlardan birida o‘zingiz aytganingizday, hatto bir sabab bilan uchastka nozirining qoshiga ham chaqirilmagan bir inson uchun, tag‘in deng, musofir yurtda bu mutlaqo kutilmagan vaziyat. Ayting-chi, o‘sha lahzalarda xayolingizdan qanday fikrlar o‘tdi?
– Eshik taqillaganda qandaydir bir umumiy tekshirish bo‘lyapti, deb o‘ylab eshikni ochdim. Kirib kelishdi. Ya'ni qo‘llarida mening rasmim bor qog‘ozni ko‘rmaguncha gap men haqimda ekanini o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q.
Bandaga suyanib bo‘lmaydi. Inson hatto o‘ziga ham suyana olmaydi. Hech kimga suyanib bo‘lmaydi. Suyanishga loyiq bo‘lmaganlari uchun emas, ojiz bo‘lganlari uchun. Hech narsa qilish kelmaydi-da aslida insonlarning qo‘lidan. Alloh izn bersagina kimdir nimadir qila oladi. Shuning uchun «Allohim, bu muammo, bu uqubat va mening o‘rtamga seni qo‘ydim. Sen borsan» dedim va darhol xotirjam bo‘ldim.
O‘n daqiqacha vaqt ichida kichik suhbat bo‘ldi, qog‘ozlar to‘ldirildi. Shu suhbatning o‘zidayoq birinchi kirib kelgan odamlarning asari ham qolmagandi – muomalalari o‘zgardi. Qo‘shnilarimga ham rahmat aytishim kerak...
– Qo‘shnilar qanday munosabat bildirishdi?
– Bunday vahimali holatda kimdir olib ketilsa, qo‘shnilar qochib ketsa kerak, deb o‘ylar edim. Lekin unday emas, aksi bo‘ldi. Hatto yuqori qavatda yoshi yetmishdan oshgan bir amaki bor edi, u ham qayg‘uribdi. Qo‘shnilarimizdan kimdir «Advokat olib kelaman» degan, kimdir yana nimadir degan.
Bularning hammasi hozirgacha meni qattiq to‘lqinlantiryapti. «Men bunga loyiqmasman, insonlarning bunday muhabbatiga loyiq emasman, aslida», degim keladi ich-ichimdan.
– Qo‘lga olinganingizdan keyin 3 kun mobaynida Kuchukchekmejye politsiya idorasida ushlab turilganingiz va 14 dekabr kuni Istanbul immigratsiya ma'muriyati huzuridagi repatriatsiya markaziga topshirilgansiz. Bu bosqichlarda jarayon qanday kechdi va sizga nisbatan qanday munosabatda bo‘lindi?
– Meni olib chiqib ketishgandan keyin, yo‘ldayoq allaqachon ularning munosabati o‘zgarib bo‘lgandi. Darhol Covid testi topshirishga olib borishdi. Mahkamada uch kun o‘sha testning javobi chiqishini kutib qoldim. Bu orada advokatlar kelishdi.
Menga nisbatan munosabatda noliydigan holat bo‘ldi, deb ayta olmayman. «Bir tuki ham to‘kilmadi, chivin ham chaqmadi» deyishadi-ku. Ammo ruhiy azob bo‘lmadi, deb ayta olmayman. Chunki, boya aytganingizday, 38 yoshgacha uchastkavoyga ham bormagan inson uchun bu bir shok holati bo‘ldi. Bu ham uzoqqa cho‘zilgani yo‘q, o‘tib ketdi. Inson ko‘nikuvchan-da.
– Deportatsiya markazidagi muhit sizda qanday taassurot qodirdi. U yerda ushlab turilgan insonlar haqida nimalar deya olasiz?
– U yerdagilarga rahmat aytish kerak. «Har qanday muammoni yechishga birinchi kundan urinamiz», deyishadi. Psixologlar bor, doktorlar bor. Masalan, har hafta taomlarning sifati bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazilib turadi. Ya'ni tashkiliy tomonlar, sharoitlarda muammo yo‘q. Lekin insonlarning ruhiy holatida baribir muammo bor. Masalan, kimdir u yerga borgan, oilasi ijarada qolgan, uy egalari esa ularni ko‘chaga chiqarib qo‘ygan. Uysizlar, hujjatsizlar, ishsizlar, nogironlar...
Men o‘zim bir alohida qavatda qoldim. Ular esa pastdagi qavatda. Ular bilib qoldi mening jurnalistligimni. Hammasi bir dardini, hikoyasini aytadi. Men ham bajonidil eshitdim ularni. Balki, ularni eshitish uchun ham o‘sha yerda edim...
«Jarayon hali davom etadi»
— Ham O‘zbekiston, ham Turkiyadagi keng jamoatchilikning, O‘zbekiston konsulligining harakatlari bilan masala tez hal bo‘ldi. Albatta, advokatlarimizga ham tashakkur.
Bu ishni oxiriga yetkazamiz. Nega unday bo‘lganiga aniqlik kiritish uchun advokatlarimiz inshaalloh oxirigacha ishlashadi. Jarayon davom etadi: qarshi da'vo ochamiz. Kelgusida istalgan odam istalgan vaqtda bunday bezovta qilinmasligi uchun.
Chunki istagan odamni istagan joyiga olib borib qo‘yib, hech narsa bo‘lmagandek qo‘yib yubora olishmaydi. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Biz albatta qarshi da'vo ochamiz, sababini so‘raymiz.
Fuqaro davlat belgilagan qoidalarga bo‘ysunib yashaydi, buning evaziga davlat uning tinchligi, xavfsizligi, huquqlarini ta'minlash majburiyatini oladi. Ikkala tomonning ham o‘z majburiyatlari bor. Ammo siz barchasini to‘g‘ri qilsangiz-u, davlat kelib sizning tinchingizni buzsa, men fuqaro sifatida davlatdan so‘rayman: nega tinchimni buzding? Sababini tushuntir.
Men bunday deya rasmiy yo‘l bilan so‘rayman, albatta. Advokatlar orqali, huquqiy yo‘l bilan. Qarshi da'vo ochiladi. Bu ishni oxiriga yetkazamiz. Chunki men hech bir xato qilmadim, deb hisoblayman. Agar xato qilganimda, bugun siz bilan suhbatlashib o‘tirmagan bo‘lardim.
***
Abdukarim Mirzayevdan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining jarayondagi ishtiroki, Twitter'da o‘tkazilgan kampaniya, uning o‘z muxlislari haqida qanday fikrda ekani, telefonsiz o‘tgan bir oy, muvaffaqiyat sirlari, yuragiga eng yaqin hikoyasi, kelgusi rejalari haqida ham so‘radik.
Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Otabek Tillayev suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:10 / 17.11.2024
Turkiya Isroil prezidentining samolyotini o‘z havo hududiga kiritmadi - OAV
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024