O‘zbekiston | 22:00 / 15.08.2024
21245
5 daqiqa o‘qiladi

“Armiyaga rozi bo‘lmaganimdan keyin ortga qaytarishdi” – o‘zbekistonliklar Moskvaga kiritilmadi

Sheremetovo aeroportida 5 kun tunab, uyiga qaytgan Dostonbek Qurbonniyozovga ko‘ra, chegara hududida muhojirlarni urushga chaqirish targ‘iboti avj olgan. Buning uchun oyiga 200 ming rubl ham va’da qilingan. Unga rozi bo‘lmaganlar so‘roqqa tutilib, ortga qaytarilmoqda. 

Rossiyaning Moskva shahriga ishlash uchun borgan bir guruh o‘zbekistonliklar chegaradan o‘ta olmay, Sheremetovo aeroportida yeguliksiz, yordamsiz qolib ketdi. Bu haqda dastlab Migrant.uz sayti xabar qildi.

Xo‘sh, hozirga kelib ularning ahvoli qanday? Aeroportdan uyiga qayta olmayotganlar soni qancha? Nima sabab ular ushlab turilibdi? Kun.uz ayni mavzu yuzasidan Sheremetovoda 5 kun qolib, 15 avgustda Qoraqalpog‘istonga qaytgan Dostonbek Qurbonniyozov bilan suhbatlashdi.

Ta’kidlanishicha, u 10 avgust sanasida Urganch shahridan Aeroflot aviakompaniyasining reysi bilan Moskvaga uchgan. Sheremetovo aeroportiga qo‘nganidan so‘ng muammo pasport tekshiruviga kelganda boshlangan.

[Pasport tekshiruvida] to‘xtatishdi, kameraga qaradik, muhr qo‘yadigan joyida savol-javob qildi. Chegarachi qayerga ketayotganimni, Rossiyaga kelishdan maqsadim nima ekani, oldin nima ish qilganimni so‘radi. Keyin hozirgi ishimdan ham yaxshiroq ish taklif qilishi haqida bir necha marotaba so‘radi. Yo‘q deganimdan keyin chekkaga chiqarib qo‘ydi.

Armiyaga xizmatga borishimni so‘rashgandi, oyligim 200 ming rubl bo‘lishini, oldindan ma’lum summada pul berishlarini ham aytishdi. Rozi bo‘lmaganimdan keyin ortga qaytarib, qo‘shimcha savol-javob uchun bir xonaga olib kirishdi. U yerda yana so‘roq bo‘ldi. Keyin shu bilan o‘sha yerdan ham boshqa joyga jo‘natishdi. U yerda barmoq izlarini olishga boshqa xonaga olib kirishdi. Shu bilan kutish zaliga o‘tkazib yuborishdi. U yerda 5 kun qolib, O‘zbekistonga keldik”, – deydi Qurbonniyozov.

Suhbatdoshga ko‘ra, aeroportda qolib ketgan fuqarolarga yordam berish uchun hech qaysi mas’ul tashkilot kelmagan. Odamlar kutish zalining o‘zida tunab qolgan.

Migrant.uz portaliga qilingan murojaatdan keyin elchixonadan odam kelganini aytishdi, lekin men ko‘rganim yo‘q. 5 kun davomida [kutish zalidagi] o‘rindiqda o‘tirdik. U yerda uxlab qolishning iloji yo‘q, endi uxlashga yotsangiz, karnaylardan “diqqat, hurmatli yo‘lovchilar!” deb gapirishni boshlaydi, u yerda tuzukroq dam olishning imkoni yo‘q.

Yeb-ichishda hamma o‘zi olib borgan narsalarni: non, mayda-chuyda, quruq mahsulotlarni yeyishdi. Birinchi kuni shunday bo‘ldi. Ikkinchi kuni nonushta va tushlik soat 14:00 da bitta qilib berildi. Keyin 2 kun kechki ovqat berishdi, keyin to‘xtab qoldi. Elchixonadan kelib ketgan vakildan keyin ertasiga yana kechlik bera boshlashdi”, – deya ta’kidlaydi u.

Dostonbek Qurbonniyozovning aytishicha, aeroportda qolib ketganlar ichida qo‘shni davlat fuqarolari ham bo‘lgan. Hamyurtimiz 2012 yildan beri Rossiyaga qatnab ishlashi haqida gapirarkan, shu vaqtgacha hujjatlar bilan bog‘liq biror muammo yuzaga kelmaganini, aeroportda nima uchun bunday vaziyat yuzaga kelganini tushunmaganini bildirdi.

Iloji bo‘lsa, ruschani yaxshi bilmaydigan yoki hujjatlarida nosozliklar bo‘lsa, yonida ishonchli odami bilan borgani yaxshi. Savol-javoblar bo‘lsa, [har xil] hujjatlarga qo‘l qo‘ymagani ma’qul. U yerda savol-javob hamma bilan ham bo‘layotgani yo‘q. Orasidan yo o‘zlari tanlab olyapti, yo ma’lum o‘tirgan odamlar urushga, armiyaga borishni targ‘ib qilyapti”, – dedi Dostonbek.

Kun.uz holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, fuqarolar chegara hududida neytral zonada bo‘lgani sabab agentlik mas’ullarining u yerga kirish imkoni bo‘lmagan. Konsullik idoralari xodimlarining odamlarga yordam qilish maqsadida aeroportga borgani yuzasidan axborotlar yo‘qligi aytildi.

Tashqi ishlar vazirligining tahririyatga bergan ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat bo‘yicha aeroportga O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi qoshidagi konsullik bo‘limi markazi vakillari borgan. U yerdan ketolmay qolgan o‘zbekistonliklar soni 40 nafar ekani aniqlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Rossiyadagi terakt voqealardan keyin xavfsizlik masalasi kuchaytirilgan, shu sababli migrantlarni so‘roqqa tutish, kengaytirilgan savol-javoblarga jalb qilishlar ko‘paygan. Sheremetovodagi holat ham ayni shulardan. Hozirda 40 nafar O‘zbekiston fuqarosining yarmidan ko‘pi uyiga qaytarilgan. Qolgan qismi ham qaytishi kutilmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid