Sport | 07:04 / 21.06.2024
21189
8 daqiqa o‘qiladi

Hushtakbozlikka uchragan inglizlar va avtogol nomli to‘purar. Yevroda yettinchi kun yakunlari

Germaniya ortidan Ispaniya ham pley-off yo‘llanmasini kafolatladi.

20 iyun kuni 2024 yilgi Yevropa chempionatining yettinchi kunida B va C guruhlarida jami uchta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Siyosiy mojaro bilan o‘ralashib qolgan serblar oxirgi soniyalarda hisobni tenglashtiruvchi golni urishdi, inglizlar pragmatik o‘yinini namoyish etishda davom etmoqda, ispanlar turnir g‘olibligi uchun asosiy favoritlar qatorida ekanini yana bir bor isbotlashdi.

Sloveniya — Serbiya: yugoslav derbisida yana durang

C guruhi. 2-tur
Sloveniya – Serbiya 1:1
Gollar:
1:0 – 69 Karnichnik, 1:1 – 90+5 Yovich.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich (Verbich, 76), Karnichnik, Drkushich, Biyol, Yanja, Gnezda-Cherin, Elshnik (Brekalo, 90), Shporar, Sheshko (Vipotnik, 76), Mlakar (Gorens-Stankovich, 64).
Serbiya – Raykovich, Velkovich, Milenkovich, Pavlovich, Mladenovich (Gachinovich, 46), Lukich (Milinkovich-Savich, 64), Ilich, Jivkovich (Birmanchevich, 82), Tadich (Samardjich, 82), Mitrovich, Vlaxovich (Yovich, 64).

Bu safargi Yevropa chempionatida ham sport siyosatdan xoli bo‘lmayapti. Sloveniyaga qarshi o‘yin oldidan shovqin ko‘tarildi — avvaliga Serbiya futbol federatsiyasi so‘rovi bilan UYeFA albaniyalik jurnalistning akkreditatsiyasini bekor qilishiga to‘g‘ri keldi, chunki u serbiyalik fanatlar tomon burgut qanotlari shaklidagi siyosiy jyest ko‘rsatgandi. Buning ortidan yanada keng ko‘lamli mojaro kuzatildi — Xorvatiya va Albaniya o‘yinida ikki jamoa muxlislari «serblarni o‘ldirish»ga chaqirishdi.

Serbiya futbol federatsiyasi agar bu muxlislarga chora ko‘rilmasa, turnirni tark etish bilan tahdid qildi, ammo baribir sloveniyaliklar bilan o‘yinni o‘tkazish kerak edi.

Va serblar maydonga tushishdi. Betaraf muxlislar uchun yoqimli jamoaga aylangan Sloveniya bu safar ham o‘zidan kuchliroq sanalgan raqibga nisbatan yaxshiroq o‘ynadi. Jamoa o‘yinni to‘liq nazorat qildi va 69-daqiqada Jan Karnichnik Timi Elshnikning uzatmasidan hisobni ochdi. Serbiya esa butun o‘yin davomida raqib jarima maydoniga kira olmadi. Hisob faqat qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida urildi. Ivan Ilichning burchakdan oshirib bergan to‘pini Luka Yovich bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi va serblarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu gol Yevro tarixida natijaga ta’sir qiluvchi eng kech urilgan golga aylandi.

Serbiyani oldinda Daniya kutmoqda. Agar skandinavlar ustidan g‘alaba qozonilmasa, guruhdan chiqish uchun imkoniyat bo‘lmaydi. Qolaversa, bolqonlar daniyaliklarga qarshi o‘yinga xotirjam tayyorlanishi ham qiyin, jamoa atrofida keskinlik kuchayib bormoqda.

Daniya – Angliya: Sautgeytning uxlatuvchi o‘yini

Daniya – Angliya 1:1
Gollar:
0:1 – 18 Keyn, 1:1 – 34 Yulmann.
Daniya – Shmeyhel, Mele, Vestergor, Kristensen, Andersen, Kristiansen (Ba, 57), Eriksen (Olsen, 82), Heyberg, Yulmann (Nergor, 82), Vind (Damsgor, 57), Hoylund (Poulsen, 67).
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer, Aleksander-Arnold (Gallaher, 54), Rays, Foden (Bouen, 69), Bellinghem, Saka (Eze, 69), Keyn (Uotkins, 70).
Ogohlantirishlar: Vestergor (27), Gallaher (61), Mele (73), Nergor (87).

Garet Sautgeyt Serbiya bilan o‘yindan (1:0) keyingi tanqidlardan kichik xulosa chiqardi va Fil Fodenni unga begona bo‘lgan chap qanotdan hujumchi ortiga qaytardi. Ammo bu jamoa o‘yinini kuchaytirib qo‘ymadi: Jud Bellinghem faoliyatidagi eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi, Deklan Rays o‘ziga xos bo‘lmagan darajada ko‘p xato qildi, Bukayo Saka o‘ng qanot bo‘ylab xavfli reydlar uyushtira olmadi, majburan chap qanot himoyasida tushirilayotgan Kiran Trippiyer hujum. Jamoa o‘yini 1-turda bo‘lgani kabi nursiz chiqdi, qolaversa bu safar minimal g‘alabani saqlab qolishning ham imkoni bo‘lmadi. Harri Keynning goliga birinchi bo‘limdayoq uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llagan Morten Yulmann javob qaytardi (1:1).

Hisob tenglashganidan keyin o‘yinni kuzatishda davom etishning hojati qolmadi, Sautgeyt endi durang hisobni ushlashni istagandek harakat qildi. Mohiyatan durang hisob inglizlarni qoniqtirardi, jamoa amalda to‘rt ochko bilan guruhdan chiqish masalasini hal qildi. Ammo o‘yindan keyin tribunalar inglizlarni hushtakbozliklar ostida kuzatib qo‘yishdi. Murabbiyni navbatdagi tanqidlar yomg‘iri kutmoqda.

S guruhida 3-tur uchrashuvlari

Angliya — Sloveniya, 25 iyun, 00:00;
Daniya — Serbiya, 25 iyun, 00:00.

Ispaniya ham pley-off masalasini hal qildi

Ispaniya — Italiya 1:0
Gol:
Kalafiori (55, avtogol).
Ispaniya – Simon, Karvahal, Laport, Le Norman, Kukurelya, Ruis (Merino, 90+4), Rodri, Pedri (Aleks Baena, 71), Uilyams (Peres, 78), Yamal (Ferran Torres, 71), Morata (Oyarsabal, 78).
Italiya – Donnarumma, Di Lorenso, Bastoni, Kalafiori, Dimarko, Jorjinio (Kristante, 46), Barella, Frattezi (Kambiyazo, 46), Pellegrini (Raspadori, 82), Keza (Zakkani, 64), Skamakka (Retegi, 64).
Ogohlantirishlar: Donnarumma (15), Rodri (45+2), Kristante (46), Le Norman (69), Karvahal (90+5). 

Ispanlar va italyanlar to‘qnashuvi azaldan Yevropa futboli klassikasi sanaladi — bu jamoalar Yevropa chempionatlarining o‘zida sakkiz bor to‘qnash kelishgan. Ularning navbatdagi o‘yini Yevro-2024 turi bezagiga aylanishi kutilayotgandi — «Qizil furiya» va «Skuadra adzurra» turnir debyutidagi kuchli o‘yinlari bilan shunga va’da qilayotgandi.

Ammo amalda barchasi boshqacha kechdi. Birinchidan, Luis De la Fuente qo‘li ostida o‘yin uslubini butunlay o‘zgartirgan ispanlar bir soat davomida italyanlarga o‘yin bermadi. Luchano Spalletti shogirdlari to‘pga egalik qila olmadi va hujumlarni qaytarish bilan band bo‘ldi, Yevropaning amaldagi chempionlari bunday o‘yin bilan titulni himoya qila olmasligi aniq.

Ikkinchidan, bunday kuchli bosim va to‘liq ustunlikka erishganiga qaramay, ispanlar gol ura olishmadi. 20 zarba va kutilgan gollar bo‘yicha roppa-rosa 2 xG qayd etilganiga qaramay, jamoa vaziyatlardan foydalanishda oqsamoqda. Shunday pallada jamoaga avtogol yordamga keldi — turnirdagi beshinchi avtogol Kalafiori nomiga yozildi. U Donnarummaning sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarib, undan qaytgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Italiyalik posbon o‘yin davomida sakkiz bor seyv amalga oshirdi, ammo jamoadoshlari uni uyaltirib qo‘yishdi.

Endi italyanlar pley-offga chiqish uchun so‘nggi turda xorvatlarni yengishi kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, «shashkachilar» oldida ham xuddi shunday vazifa turibdi — shunday ekan pley-offga chiqish va titulni himoya qilish «Skuadra adzurra» uchun oson bo‘lmaydi. Pley-off masalasini hal qilgan ispanlar esa hozircha mezbonlar bilan birgalikda turnirning eng yaxshi ikki jamoasidan biri bo‘lib turibdi.

B guruhida 3-tur uchrashuvlari

Xorvatiya — Italiya, 24 iyun, 00:00;
Albaniya — Ispaniya, 24 iyun, 00:00.

Mavzuga oid