Jahon | 14:23 / 08.09.2022
17184
6 daqiqa o‘qiladi

Chernihiv qayta tiklanmoqda, Kramatorskda shifoxona zarba ostida. Urush suratlari

7 sentabr kuni Ukraina hukumati avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Qrimdagi bazalariga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. «Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi Andrey Turchak Ukrainaning bosib olingan hududlarini RF tarkibiga qo‘shib olish bo‘yicha referendumlarni 4 noyabr kuni — Xalq birligi kunida o‘tkazish «to‘g‘ri va ramziy» bo‘lishini qayd etdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy urush istiqbollari tahlil qilingan maqolasini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi Rossiya hududidagi harbiy nishonlarni yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya mudofaa vazirligi Donetsk oblastida Kodem qishlog‘i egallanganini ma’lum qildi, so‘nggi haftalar davomida ushbu hudud uchun janglar kechayotgandi. Ukraina armiyasi rasmiylari Xarkiv oblastidagi Balakliya shahriga qo‘qqisdan qilingan hujum bo‘yicha izoh bermayapti, harbiy ekspertlar va blogerlar ikki kun oldin boshlangan qarshi hujum haqida xabar berishgandi. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish institutining hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlari Balakliya atrofidagi kamida ikki qishloqni qaytarib olgan.

Quyida 7 sentabr, urushning 196-kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Chernihiv oblastidagi janglar oqibatlari

Lukashovka qishlog‘ida RF armiyasining yakson bo‘lgan tanki yonidan hoverbordda o‘tayotgan qizcha. Chernihivdan 19 kilometr janubda joylashgan ushbu aholi punkti 10 mart kuni Rossiya qo‘shini tomonidan egallab olingan. Ukrain nashrlari yozishicha, rossiyaliklar tanklarda qishloq bo‘ylab kezishgan, uy jonivorlarini o‘g‘irlashgan, cherkovda esa shtab tashkil etib, u yerda qurollar saqlashgan. Ukraina armiyasi 31 mart kuni Lukashovkani ozod etgan
Sergei Chuzavkov / AFP / Scanpix / LETA
69 yoshliTatyana RF armiyasi zarbasidan vayron bo‘lgan uyi yonida. Ukrain qo‘shini Lukashovkani ozod etgach, qishloqni tiklashda Repair Together tashkiloti ko‘ngillari yordam bera boshlagan. Bu tashabbus urush vaqtida paydo bo‘ldi, uning maqsadi — harbiy harakatlar chog‘ida buzilib ketgan uylar va boshqa obektlarni qaytadan qurish hisoblanadi.
Sergei Chuzavkov / AFP / Scanpix / LETA

Baxmut atrofidagi janglar 

Baxmut yaqinida harbiy harakatlar vaqtida ko‘tarilgan tutun. Ukraina qurolli kuchlarining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ukrain qo‘shini shaharga bostirib kelayotgan RF armiyasi hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarmoqda.
Ammar Awad / Reuters / Scanpix / LETA
Baxmutdan chiqayotgan ukrain harbiylari.
Ammar Awad / Reuters / Scanpix / LETA

«DXR» kuchlarining artilleriya guruhi 

«DXR» harbiysi Donetsk yaqinidagi pozitsiyada amunitsiyadan bo‘shagan qutilar yonida. Rossiya nashrlari yozishicha, Ukraina avgust oyi boshidan buyon shaharni o‘qqa tutmoqda.
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
«DXR» kuchlari harbiylari Avdeyevka yo‘nalishida «Giatsint-B» gaubitsasidan o‘t ochmoqda — bu Donetskdan shimolda joylashgan shahar. Avdeyevka Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda. Ukrain nashrlari yozishicha, shahar doimiy ravishda RF armiyasi zarbalari ostida.
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyaliklarning «Giatsint-B» gaubitsalaridan Avdeyevka yo‘nalishida o‘t ochilishi.
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Kramatorskda ruhiy kasalliklar shifoxonasi o‘qqa tutilishi 

Kramatorsk meri Oleksandr Goncharenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini 7 sentabr tongida ruhiy kasalliklar shifoxonasiga zarba bergan. «Qurbonlar yo‘q, ammo bino jiddiy shikastlangan», — deya xabar qilgan u.
David Melero Pena / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Rossiyalik harbiylarning Kramatorskka yo‘llagan zarbalaridan keyin ruhiy kasalliklar shifoxonasida deraza parchalari bilan to‘lgan karavot.
Leo Correa / AP / Scanpix / LETA

Slovyanskka zarba 

O‘t o‘chiruvchilar RF qo‘shinining Slovyanskka hujumi oqibatida halok bo‘lgan odam jasadini olib ketmoqda. Ukraina nashrlariga ko‘ra, shahar 7 sentabrga o‘tar kechasi o‘qqa tutilgan. Maktab va turar joy binosi zarbaga uchragan, uy xarobalari ostidan uch kishining jasadi olib chiqilgan.
Leo Correa / AP / Scanpix / LETA
Slovyanskliklar o‘t o‘chiruvchilar ishini kuzatmoqda.
Leo Correa / AP / Scanpix / LETA

Xarkiv o‘qqa tutilishi oqibatlari 

Xarkivlik kishi shaharga zarba vaqtida hosil bo‘lgan o‘ra yonida. 7 sentabrga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Xarkivni o‘qqa tutishdi, shahar meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, sanoat rayonidagi xususiy uy xarobalari ostidan ayol kishi jasadi chiqqan.
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA
Xarkivning Saltovka rayonida vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uy ko‘rinishi, ushbu rayon RF tomonidan eng ko‘p hujumlarga uchragan.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Qutqaruvchilar Xarkivda rossiyaliklar zarbasidan vayron bo‘lgan kvartiradan olib chiqqan shaxsiy buyum va bolalar o‘yinchoqlari
David Ryder / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mavzuga oid