Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi chuqur inqiroz holatida. Rossiya qo‘shini, yo‘qotishlari ortayotganiga qaramay, Donbass janubida, Kursk oblastida, Kupyansk frontida, Seversk va Chasiv Yar shaharlariga va hatto bungacha bir necha oy davomida jimlik hukm surgan Zaporijjya oblastida hujum qilmoqda. Kuraxovo shturmi boshlangan — bu Donbass janubidagi muhim logistik hab hisoblanadi. Rossiya qo‘shini shaharga sharqdan kirgan va deyarli markazigacha yetib borgan. RF qurolli kuchlarining boshqa bo‘linmasi Kuraxovo janubi-sharqidagi Dalneye qishlog‘iga bostirib kirgan. Shahar janubidagi ukrain qo‘shini qurshov xavfi ostida qolgan. Shu bilan bir vaqtda, RF QK bo‘linmalari Kupyanskning sharqiy qismiga hamda Chasiv Yar markaziga yetib bordi.

Kupyansk fronti

Oktyabr oyi oxirida Rossiya qo‘shini ko‘p oylik og‘ir janglardan keyin Kupyanskdan janubroqda Oskol daryosi bo‘yiga yetib keldi. Bu 2023 yil boshlangan yurishning asosiy maqsadi edi.

Shundan keyin Vladimir Putin Oskol daryosi sharqiy sohilida Ukraina qurolli kuchlarining besh va 10 ming kishilik ikki guruhi bloklangani haqida gapirdi. Aslida esa daryo sohilidagi Kruglyakovka va Kolesnikovka qishloqlari egallanishi bilan yurish to‘xtab qoldi. Rossiya bo‘linmalari janubiy (Borovaya yo‘nalishi) va shimoliy (Kupyanskka) yo‘nalishlarda platsdarmni kengaytirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, ular Ukraina qurolli kuchlari dronlarining ikki tomondan yo‘llanayotgan hujumlariga duchor bo‘lmoqda.

Yurishning keyingi maqsadi, katta ehtimol bilan, Kupyanskdan janubdagi Liman shahri bo‘ladi. U orqali Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasiga yaqinlashish mumkin bo‘ladi (to‘g‘ri, bu shaharlar Shimoliy Don daryosining g‘arbiy sohilida joylashgan; 2022 yilda Rossiya qo‘shini bir necha urinishda ham daryoni mazkur uchastkada kechib o‘tishning uddasidan chiqolmagandi, keyin esa Liman Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ozod etilgandi).

Daryo bo‘ylab janubga yurishni davom ettirish uchun, Rossiya qo‘shini Kupyanskni egallashi kerak: Svatovedan g‘arbga qarab ketgan va Oskol bo‘yidagi qo‘shinlarga ta’minot yetkazib berish mumkin bo‘lgan yo‘l ushbu shahar orqali o‘tadi. Boshqa variant — sharqdan ochiq va deyarli yo‘lsiz dalalar, daryolar, botqoqlik va o‘rmonzorlar bo‘ylab og‘ir janglar olib borish. RF qurolli kuchlari ikki yil davomida ikki yo‘l bilan ham natijaga erisha olmadi.

Ammo so‘nggi oylarda vaziyat o‘zgara boshladi: Ukraina qurolli kuchlarida surunkali kuch yetishmovchiligi kuzatilmoqda, nisbatan jangovar bo‘linmalar Kupyansk atrofidan olinib, Kursk oblastiga o‘tkazilgan. Bu esa RF qurolli kuchlariga ukrain mudofaasini bostirishga yordam bermoqda.

Kupyanskni faqat shimoldan zarba berish orqali egallash mumkin. Va Rossiya qo‘shini bunday zarbani yo‘lladi. 13 noyabr kuni zirhli texnikalarning ikkita kolonnasi temiryo‘l yoqalab harakatlanib shaharning sharqiy qismiga bostirib kirdi (Oskol sharqiy sohilidagi Kupyansk-Uzlovoy stansiyasi hududiga) va turar joylar va sanoat binolariga desant tushirdi.