«Eng yirik havo hujumlaridan biri». RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar uyushtirdi
120 raketa va 90 dron uchirilgan.
RF qo‘shini 17 noyabr tongida Ukraina hududlari bo‘ylab yoppasiga qo‘shma zarbalar yo‘lladi. Prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, jami 120 raketa hamda 90 dron uchirilgan. RF qo‘shini turli dronlar, «Tsirkon», «Iskander» va «Kinjal» kabi qanotli va ballistik raketalardan foydalandi, deb yozadi Zelenskiy telegram-kanalida. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari havodagi 140 dan ortiq nishonni yo‘q qilgan.
«Dushmanning nishoni butun Ukraina bo‘ylab energetika infratuzilmalari bo‘lgan», — deb xabar beradi Zelenskiy. Zarbalar elektr energiya ishlab chiqarish hamda uzatish obektlariga yo‘llanganini energetika vaziri German Galushchenko ham tasdiqlagan.
Rossiya raketalari va dronlari Kiyev, Odessa, Krivih Rih, Dnipro va Rivnega hujum qilgan. Zarbalar Lviv va Mikolayiv oblastlariga ham berilgan. Lviv oblastining Chervonograd rayonida raketa parchalari tushishi oqibatida garaj va avtomobil yonib ketgan, deb xabar bergan hudud rahbari Maksim Kozitskiy.
Mikolayivda turar joy binosiga dron zarbasi kelib tushishi oqibatida ikki ayol halok bo‘lgan, to‘rt nafar katta yoshli kishilar va ikki bola yaralangan, deb xabar bergan oblast rahbari Vitaliy Kim. Lviv oblastining Sheptitskiy rayonida Rossiya raketasi parchalari tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi jarohat olgan, deb xabar bermoqda «Suspilne» nashri rayon ma’muriyatiga asoslanib.
Volodimir Zelenskiy qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
«Hozirga kelib elektr ta’minoti o‘chgan hududlar bor, oqibatlarni bartaraf etish va tiklash ishlari uchun barcha zarur kuchlar jalb etilgan», — deya yozgan Zelenskiy. DTEK energetika kompaniyasi ham Kiyev, Donetsk va Dnipropetrovsk oblastlarida Rossiya zarbalari tufayli elektr ta’minotida profilaktik uzilishlar joriy etilgani haqida xabar qilgan. «Imkoni bor joyda qutqaruvchilar va energetiklar allaqachon oqibatlarni bartaraf etish ustida ishlamoqda», — degan energetika vaziri German Galushchenko.
Odessada Rossiya zarbasi tufayli elektr transport faoliyati butunlay to‘xtab qolgan. Shahardagi shifoxonalar va qozonxonalar generatorlarga o‘tkazilgan, deb xabar qilgan mer Gennadiy Truxnov va generatorlar barcha qozonxonalar uchun yetarli emasligini qo‘shimcha qilgan.
«RBK-Ukraina» yozishicha, dron va raketa zarbalari tufayli bir necha yo‘lovchi poyezdlar, jumladan Zaporijjya — Odessa hamda Xarkiv — Odessa yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar jadvallarida buzilishlar yuzaga kelgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Ondriy Sibiga Rossiya 17 noyabr tongida raketa va dronlar orqali yo‘llagan zarbalarini keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon «eng yirik havo hujumlaridan biri» deb atagan.
«Bu harbiy jinoyatchi Putindan so‘nggi vaqtlarda unga qo‘ng‘iroq qilgan va ziyorat qilgan har bir kishiga qaratilgan javobdir», — deya yozgan Sibiga X ijtimoiy tarmog‘ida. Ukraina TIV rahbari qanday qo‘ng‘iroq va tashriflarni nazarda tutganini ochiqlamagan. 15 noyabr kuni GFR kansleri Olaf Shols so‘nggi ikki yil ichida ilk bor Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan, oktyabr oyi oxirida esa BRIKS sammitida qatnashish uchun BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaga tashrif buyurgandi.
RF mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalarga izoh berarkan, «Ukraina harbiy sanoat kompleksi faoliyatini ta’minlab turgan o‘ta muhim energetika infratuzilma obektlari yuqori aniqlikdagi qurollar bilan nishonga olingani»ni ma’lum qilgan. Shuningdek, vazirlik «harbiy maqsadli mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan korxonalarga zarba berilgani» ma’lum qilingan.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024