20:48 / 24.03.2021
56077

Prezident vazirdan yil oxirigacha elektr energiyasi va gaz bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘lishi borasida so‘radi

2021 yilda elektr tarmoqlariga umumiy hisobda 430 mln dollar pul ajratiladi. Ichki yo‘llarni ta'mirlashga 2 trillion, elektr ta'minotini yaxshilashga 2,1 trillion so‘m beriladi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida bu yil uzoq yillar davomida to‘planib qolgan elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolar yechimi bo‘yicha juda katta mablag‘ ajratilganini ma'lum qildi.

Yig‘ilishda Energetika vaziri Alisher Sultonov amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma'lumot bergan.

«25 yil davomida, ya'ni 2016 yilgacha 9300 km elektr tarmoqlari tortilgan, 4800 ta transformator o‘rnatilgan. Oxirgi 4 yilda 25 ming km tarmoq tortilgan, 8900 ta yangi transformator o‘rnatilgan. Lekin baribir modernizatsiyani yanada jadallashtirishimiz kerak.

Endi mahallalarda yangi transformator o‘rnatadigan bo‘lsak, uni topshirish jarayonida mahalla raislari ham ishtirok etadi va ma'lum mas'uliyatni zimmasiga oladi. Joriy yilda 5377 ta mahallada 15 ming kilometrdan ortiq tarmoq tortiladi va 4 mingdan ortiq transformatorlar o‘rnatiladi. Shu yilning o‘zida elektr tarmoqlariga umumiy hisobda 430 mln dollar pul ajratiladi va bunday mablag‘ sohaga tarixda berilmagan. Shuningdek, 1 mlrd dollarlik DXSh asosidagi investitsiya kirib kelyapti», degan vazir.

Prezident vazirga yil yakunigacha elektr energiyasi va gaz bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘lishi borasida savol bergan. Alisher Sultonov bunga javoban qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizimni ham tiklanishini ma'lum qilgan.

«Oldingidek kuz yoki qish degan mavsumlar bo‘lmayapti. Chunki yoz oylarida ham ishlatilayotgan sovitish tizimi hisobiga issiq davrda ham «pik» bo‘lyapti. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga bu yildan boshlab zarur talabni qondira oladigan bo‘lamiz. Buning uchun qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizimni ham tiklayapmiz.

Gaz bo‘yicha 678 ta mahalla gaz ta'minoti yaxshilanadi. Umuman, ta'minotni yaxshilash uchun 400 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, magistrallarni ta'mirlashning o‘ziga shu yilda 617 mln dollar yo‘naltiriladi. Bu shimoldan markazga gaz yetkazishni osonlashtiradi, vodiy ta'minoti yaxshilanadi.

455 km quvur tortishimiz kerak. Bu quvurlarning ayrimlari 1958 yilda tortilgan, ularning qalinligi 12 mm bo‘lishi kerak bo‘lsa, 1,5-2 mm.ga qadar yupqalashib qolgan. Bosimni oshiramiz desak yorilib ketadi», dedi vazir.

Prezident mavzu yuzasidan shunday qo‘shimcha qildi: «Ko‘pchilik o‘ylashi mumkin, nega shu ishlar 4 yil avval qilinmagan deb. Buni o‘sha payt qila olmasdik, chunki gaz, elektr tizimining hisob-kitobi yo‘q edi. Hozirgi elektron hisoblash tizimini yo‘lga qo‘yganimiz hisobiga barchasini yo‘lga qo‘yib oldik. O‘sha 455 km quvurni almashtiramiz, bunda ham investorlarni jalb qilamiz. Bu masala ham juda muhim. Svet, gazi bo‘lmasa qanday qilib «Obod mahalla» yoki «Obod qishloq» bo‘lishi mumkin?»

Yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli eng og‘ir 325 ta qishloq va 71 ta shahar mahallalarini kompleks rivojlantirish, ularga ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, ichki yo‘llar va ijtimoiy soha obektlarini qurish hamda ta'mirlash ishlari uchun 3,3 trillion so‘m ajratilishi ma'lum qilingan.

Shuningdek, 2 ming 721 ta mahallada 10 ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llarni ta'mirlashga 2 trillion so‘m beriladi. 1 trillion so‘m evaziga 4 ming kilometrdan ortiq suv tarmoqlari tortilib, 500 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkaziladi.

Elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida, 5 ming 377 ta (60 foiz) mahallada 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformatorlar yangilanadi. Bu ishlarga qariyb 2,1 trillion so‘m yo‘naltiriladi..

Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga «qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasi doirasida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining 21 ta tumani, 60 ta qishlog‘ida 485 milliard so‘mlik (46 million dollarlik) loyihalar boshlanadi.

«Birgina Bog‘dod tumanida barcha dasturlar doirasida 92 milliard so‘mlik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Dasturlar doirasidagi loyihalarga joylardagi tadbirkorlar, aholini faol jalb qilish va hududlar ishtirokini kengaytirish lozim.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi sharoiti og‘ir bo‘lgan barcha mahallalarda «Obod mahalla» dasturini amalga oshirib, aholining to‘liq bandligini ta'minlash lozim.

Toshkent shahridagi 4ta sektor rahbarlarining har biri 100 nafardan odamni jalb qilib, eng og‘ir mahallalardagi bog‘cha, maktab va shifoxonalarning muammolarini joriy yil 1 noyabrga qadar to‘liq hal qilib chiqib ketadi.

Ramatov, Qo‘chqorov viloyat hokimlari bilan birga, dasturga kiritilgan loyihalarning iqtisodiy samaradorligini yana bir bor hisob-kitob qilib, xarajatlarni kamida 20-30 foizga qisqartirish bo‘yicha qayta ko‘rib chiqishi zarur», degan davlat rahbari.

Top