21:09 / 18.09.2023
17852

«Navbahor» Osiyoning eng qimmat jamoasiga qarshi. Babayan shogirdlari Neymarni to‘xtata oladimi? 

Qit’aning eng nufuzli musobaqasi Osiyo Chempionlar ligasi start olmoqda. «Al-Hilol» safidagi turnirning asosiy yulduzi sanalmish Neymar musobaqadagi ilk o‘yinini «Navbahor»ga qarshi o‘tkazishi kutilmoqda. Braziliyalik yulduz Samvel Babayan murabbiyligidagi o‘zbek klubiga qarshi o‘yin qaydnomasidan joy olgan. 

«Navbahor» va Neymarda debyut

Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga Qatardagi pley-off bahsidagi g‘alaba evaziga yo‘llanma olgan «Navbahor» jamoasi turnirdagi debyutini «Al-Hilol»ga qarshi o‘tkazadi. Saudiya Arabistoni chempionati peshqadami yozda tarkibini yulduz o‘yinchilar bilan kuchaytirgach, Osiyo Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun navbatdagi marta asosiy favoritga aylandi. Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladigan bugungi o‘yinda Neymar, Malkom, Nevesh, Mitrovich, Mikael singari futbol yulduzlari OChLdagi debyutini o‘tkazishi kutilmoqda. OChLda bir o‘yinda osiyolik bo‘lmagan faqat 5 legionerdan foydalanish mumkinligi bois mezbonlardan Yasin Bunu, Kalidu Kulibali va Sergey Milinkovich-Savich 1-tur qaydnomasidan tushib qolishdi.

Ar-Riyod jamoasi hozirda mamlakat chempionatida 6-turdan keyin 16 ochko bilan 1-o‘rinda bormoqda. Namangan jamoasi esa Superligada 2-o‘rinni egallab turibdi.

Qayd etish joiz, Samvel Babayan o‘yin oldi matbuot anjumanida uning jamoasi nomdor raqibdan cho‘chimasligini, «Al-Hilol» va uning asosiy yulduzi sanalmish Neymarga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatishini aytib o‘tdi. 

Kim qanday holatda?

«Navbahor» so‘nggi rasmiy o‘yinida 3 sentabr kuni O‘zbekiston kubogi chorakfinalida «Surxon»ni mag‘lub etdi – 2:0. «Al-Hilol» esa Saudiya Pro ligasida 15 sentabr kuni «Ar-Riyod»ni tor-mor etdi – 6:1. 

Fakt

«Al-Ittihod» klubi Osiyoning eng qimmatbaho jamoasi sanaladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, OChL 4 karra g‘olibining ayni paytdagi tarkibi 258,4 million yevroni tashkil etadi. Joze Jyezush murabbiyligidagi jamoa o‘z tarixida 9 marta OChL finalida qatnashgan bo‘lib, eng ko‘p – 4 marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 

Transfer bahosi: «Al-Hilol» - Osiyoda tengsiz

Transfermarkt portalida Namangan klubining umumiy tarkibi 10,39 million yevro narx bilan OChL-2023/24 yilgi mavsum jamoalari orasida 21-o‘rinda qayd etilgan. Saudiya Pro ligasi peshqadami tarkibining umumiy bahosi 258,4 million yevro narxni tashkil etib, Ar-Riyod klubi turnirning ishtirokchi 40 jamoasi orasida 1-o‘rindan joy olgan. 

«Al-Hilol»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Neymar, hujumchi (Braziliya) – 60 mln yevro

2. Sergey Milinkovich-Savich, yarimhimoyachi (Serbiya) – 50 mln yevro

3. Ruben Nevesh, yarimhimoyachi (Portugaliya) – 40 mln yevro 

«Navbahor»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Jamshid Iskanderov, yarimhimoyachi – 850 ming yevro

2. Oston O‘runov, yarimhimoyachi – 800 ming yevro

3. Milosh Milovich, himoyachi – 750 ming yevro 

«Navbahor» g‘alaba yoki durangga erishsa qancha mukofot puli oladi?

Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqichidagi har bir o‘yindagi g‘alaba va safar xarajatlari uchun OFK tomonidan mablag‘ ajratilgan. Jumladan, Namangan klubining safar xarajati uchun 40 ming AQSh dollari ajratilgan bo‘lsa, g‘alaba uchun OFK tomonidan 50 ming AQSh dollari, durang uchun 10 ming AQSh dollari mukofot tariqasida to‘lanadi. 

«S» guruhi. 1-tur.
18 sentabr (dushanba)
«Al-Hilol» (S.Arabistoni) - «Navbahor»

Stadion: «Qirol Fahd» xalqaro o‘yingohi
O‘yin boshlanish vaqti: 23:00
TV-translatsiya: «Sport TV» 

Usmon Ibodov

 

Top