O‘zbekiston | 16:22 / 28.08.2023
11969
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 10 mln so‘mdan yuqori oylik oluvchi o‘qituvchilar soni ma’lum qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limidagi masalalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilyapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yangi o‘quv yili arafasida maktab ta’limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Keyingi yillarda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan qisqa davrda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Ilgari tajribamizda bo‘lmagan Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.

“Eng muhimi, maktablarimizda yangicha ruh, mazmun va muhit paydo bo‘ldi. 

Bunda, hech shubhasiz, bolalar qalbining me’mori, muhandisi bo‘lgan hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar uchun erkin ishlash imkoniyatini yaratib berganimiz muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Chunki o‘qituvchiga e’tibor bu – avvalo farzandlarimizga, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, degani. O‘qituvchining obro‘si oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilmning, ta’lim-tarbiyaning qadri ko‘tariladi. 

Shu sababli, muallim va o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz”, - dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshdi (o‘rtacha oylik 3 million so‘m).

Chet tili, Ay-Ti, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi.

Natijada, 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni – 23 mingga yetdi, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshdi. 

Yana 2 mingga yaqin muallimlarga vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanyapti.

Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p.

“O‘zining o‘qitish uslubi, “mahorat maktabi”ga va obro‘-e’tiboriga ega o‘qituvchilar soni ham yildan yilga ko‘paymoqda. Biz ularning mehnatini yuksak qadrlaymiz. So‘nggi yillarda oliy ta’limda qamrovni 4 barobar oshirib, yoshlarimiz uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratib beryapmiz.

Ko‘p yoshlarimiz qiziqishi va qobiliyatiga mos kasb-hunar egallashni afzal ko‘rayotgani ham davr talabi. Shu bois, bolalarimizga maktabdayoq kamida ikkita chet tili, kompyuter va kasb-hunarni o‘rgatsak, qo‘lida hunari bo‘lsa, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid