O‘zbekiston | 13:16 / 18.09.2023
14349
4 daqiqa o‘qiladi

«Paxta dalasini tark etgan o‘quvchilar» - Italiya nashri O‘zbekistonda paxtachilik sohasidagi islohotlarni e’tirof etdi

Italiyaning «Corriere della sera» nashrida jurnalist Farian Sabahining O‘zbekistonga atalgan maqolasi chop etildi. Unda muallif so‘nggi yillarda O‘zbekistonda paxta yetishtirish borasida amalga oshirilgan islohotlarga to‘xtalgan.

Bir necha kundan so‘ng O‘zbekistonda paxta terimi boshlanadi. Bu monokulturani yetishtirishda uzoq yillar davomida o‘g‘itlar va pestitsidlar tuproq va tabiatning ifloslanishiga sabab bo‘lib, o‘ziga xos jazo vazifasini o‘tagan. Amudaryoning o‘zani paxta plantatsiyalarini sug‘orish uchun o‘zgartirilib, suvsizlikka olib kelgan va Orol dengizi sekin-asta quriy boshlagan. Uning o‘rnini Orolqum cho‘li egallagan, uning qumlari paxta dalalarida intensiv ishlatilgan gerbitsidlar tufayli zararli moddalarga to‘yingan. Cho‘ldagi qumlarni g‘arbdan va sharqdan esadigan shamollar uchiradi, pestitsidli qum zarralari Rossiyada, Norvegiya o‘rmonlarida, Grenlandiya muzliklarida, hattoki Antarktidadagi pingvinlar qonida topilgan.

Sovet ittifoqi davrida, ya’ni 1991 yilgacha paxta plantatsiyalari ikki million gektardan ortiq yerni yoki Markaziy Osiyoning bu respublikasining haydaladigan yerlarining 98 foizini egallagan. Har yili 4,5 million tonnaga yaqin paxta xomashyosi yoki SSSRda ishlab chiqarilgan paxtaning 60 foizi tayyorlangan. Paxta O‘zbekiston xalqi uchun bir jazo yanglig‘ edi, chunki uni yarim millionga yaqin kattalar va ikki millionga yaqin bolalar terib berishlari kerak edi. «Hamma paxtaga!» shiori ostida barcha dalalarga quvilardi, bundan qochib qutulib bo‘lmasdi. Qolgan barcha tadbirlar ikkinchi planga o‘tardi. Universitetlar, maktablar va kasalxonalar yopilardi. Vrachlar, hamshiralar, o‘qituvchilar va talabalar yeng shimarib, paxta dalasiga otlanardi. Butun o‘zbek jamiyati hududlar o‘rtasidagi musobaqaga kirishar, bu hatto mahalliy televideniyeda namoyish etilardi. «Oq oltin»ni terib olish bo‘yicha qo‘yilgan rejani birinchi uddalagan hudud g‘olib deb e’lon qilinardi.

Paxta mavsumi yana boshlandi. Endi dalalarga vrachlar va hamshiralar, universitet o‘qituvchilari va professorlari, hattoki bolalar ham chiqishmaydi. XMT (Jyenevada joylashgan xalqaro mehnat tashkiloti) va Jahon banki bilan o‘tkazgan surishtiruvlarga ko‘ra, 2021 yilgi ishlab chiqarish siklida rasmiy Toshkent majburiy mehnatni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. XMTning hisobotlari e’lon qilinishi bilan jahonning eng yirik tekstil kompaniyalari o‘zbek paxtasiga nisbatan joriy etgan boykot ham tugatildi, bu esa Markaziy Osiyoning markazida joylashgan davlat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Bundan buyon sentabr oyi o‘rtalaridan dekabr oyi oxirlarigacha paxta terish majburiyat hisoblanmaydi va bunga prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yo‘nalishda sobitqadamlik bilan amalga oshirgan ishlari sharofati tufayli erishildi. 2016 yildan buyon hokimiyat tepasida bo‘lib turgan prezident darhol XMTning majburiy va bolalar mehnatiga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qildi, shundan so‘ng iqtisodiyotni erkinlashtirish, qo‘shni davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalarni yaxshilashga e’tibor qaratdi. Bugun O‘zbekiston fermerlari o‘zlari istagan ekinlarni ekishi, hattoki o‘z mahsulotlarini eksport qilishlari mumkin. Yerni qayta ishlayotgan, paxta terayotganlar buni munosib maosh evaziga amalga oshirishmoqda.

So‘nggi yillarning yana bir yangiligi — klasterlar: paxta ekishdan boshlab kalava ip, mato ishlab chiqarish va uni eksportga chiqarish bilan shug‘ullanadigan vertikal ishlab chiqarish birliklari bo‘ldi. O‘zbekiston endilikda paxta emas, tayyor mahsulot eksport qilmoqda. Ularning bir qismi yirik g‘arb firmalari brendi ostida xorijga chiqarilmoqda. 

Mavzuga oid