O‘zbekiston | 19:54 / 15.12.2016
15625
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1384 km avtomobil yo‘li katta yuklanganlikka bardoshli qilib modernizatsiya qilinadi

O‘zbekiston 2015-2019 yillarda 1384 km avtomobil yo‘lini 13 tonnalik bo‘ylama yuklanganlikka o‘tkazadi. Hammasi bo‘lib 2020 yilgacha O‘zbek milliy avtomagistralining 2,7 ming avtomobil yo‘li modernizatsiya qilinadi.

Bu haqdagi ma'lumot X Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi davomida aytildi. 

Rasmiy prognozga ko‘ra, 2016 yilda yuqori yuklanganlikka 274 km, 2017 yilda 270 km, 2018 yilda 312 km va 2019 yilda 292 km avtomobil yo‘li o‘tkaziladi.

Yo‘l ishlarini tezlashtirish maqsadida "Transyo‘lqurilish" avtomobil yo‘llari kompaniyasi umumiy foydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va ta'mirlash uchun 2016 yilda Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda hududiy pudratchi tashkilotlarni yaratdi.

Umumiy qiymati 10 mlrd dollarlik 2015-2019 yillarda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturi doirasida avtomobil yo‘llarini qurishga barcha investitsiyalarning uchdan biri yo‘naltiriladi.

Mablag‘larning katta qismi milliy magistral tarkibiga kiruvchi 4 polosali yo‘llarni zamonaviy sement-beton va asfalt-beton qoplama bilan ta'minlagan holda qurish va rekonstruksiya qilishga sarflanadi.

Jumladan, 2020 yilgacha Beyneu-Qo‘ng‘irot-Buxoro-Navoiy-Samarqand -Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lini yangilash rejalashtirilgan.

O‘zbek milliy avtomagistralining takomillashtirilishi umumiy uzunligi 9990 km avtomobil yo‘li va 9700 km temir yo‘lidan iborat TsARES №2 va №6 xalqaro transport yo‘laklari o‘tkazish qobiliyatini oshiradi. Bu trassa O‘rta yer dengizi va Sharqiy Osiyoni o‘zaro bog‘lab, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Xitoy hududlari orqali o‘tadi.   

Buyuk ipak yo‘lini takrorlovchi avtomobil yo‘lagidan har kuni 20 dan ko‘proq davlatning yuk mashinalari o‘tadi. Xususan, u orqali O‘zbekistonning avtomobilsozlik sanoati uchun avtomobil detallari, O‘zbekistondan Rossiya va Ukrainaga to‘qimachilik mahsulotlari yetkaziladi.

Avval ma'lum qilinganidek, O‘zbekiston milliy avtomagistralni qurish uchun Osiyo taraqqiyot bankining 1,1 mlrd dollarlik kredit mablag‘larini jalb qila olgandi. Bu mablag‘lar "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" (A-380) va "Toshkent-Andijon" (A-373) avtomobil yo‘llarining ba'zi qismlarini rekonstruksiya qilish uchun yo‘naltirilgan.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish