O‘zbekiston | 08:07 / 11.07.2024
10527
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda energiya resurslarini me’yoridan ortiqcha sarflaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senat yalpi majlisida mamlakatda energiya resurslari iste’moli samaradorligini, energiya sarfi me’yorlari hamda energiya audit o‘tkazishni monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emasligi qayd etildi. Senatorlar energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat.uz

Senat xabariga ko‘ra, hozirda mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda. O‘zbekiston 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilgan. Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, uglevodorod resurslarining chegaralanganligi, ularning kamayishi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu bilan birga, amalda mamlakatda energiya resurslari iste’moli samaradorligini, energiya sarfi me’yorlari hamda energiya audit o‘tkazishni monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emas.

Davlat muassasalari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha energiya servis xizmatlari yo‘qligi, shuningdek, tejash va samaradorlikni oshirish yo‘nalishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari sust borayotgani ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qonun energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunda energetika xavfsizligini ta’minlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni me’yoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan. Hujjatda qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ham belgilangan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Mavzuga oid