Jahon | 19:51 / 05.08.2016
4627
1 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti 7 avgust kuni Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari bilan uchrashish uchun Bokuga yo‘l oladi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yakshanba kuni Bokuga yo‘l oladi. U dushanba kunida Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari Ilhom Aliyev hamda Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda IRNA agentligi Eron prezidenti ma'muriyati vakili Parviz Ismoiliyga asoslanib xabar bergan.

"Xo‘jatulislom Hasan Ruhoniy dushanba kuni Vladimir Putin hamda Ilhom Aliyev bilan uchrashuvda uchtomonlama hamkorlik masalalarini, jumladan savdo, energetika, telekommunikatsiya, atrof-muhit muhofazasi va terrorizmga qarshi kurash kabi sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama etadi. Prezidentimiz Vladimir Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi. Unda ikki tomon manfaatlariga doir masalalar ko‘rib chiqiladi", degan manba.

Shuningdek, Eron prezidenti tashrifi davomida Ozarbayjonda Eron bilan hamkorlikda tashkil qilingan sanoat va qurilish korxonalarining foydalanishga topshirilish marosimlari o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish