Jamiyat | 16:19 / 03.06.2024
23500
6 daqiqa o‘qiladi

“Bitkoin, notkoin va kriptovalutalar bilan muomala shar’an joiz emas” – Fatvo hay’ati

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Islom dinida bitkoin, notkoin va boshqa shu kabi kriptovalutalarda savdo-sotiq qilishga munosabat qandayligi haqidagi savolga javob berdi. Fatvo hay’atiga ko‘ra, kriptovalutalarni o‘zaro ayirboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emas. Chunki kriptovalutalar shariat tomonidan pulga qo‘yilgan talablarga mos emas.

Foto: Kun.uz

Bitkoin, notkoin va boshqa shu kabi kriptavalutalarda savdo-sotiq qilish Islom dinida shar’an joiz hisoblanmaydi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ma’lum qildi.

“Kriptovaluta bu – tranzaksiyalarni himoya qilish va yangi birliklarni yaratishni nazorat qilish uchun kriptografiyadan foydalanadigan raqamli yoki virtual valuta. Kriptovalutalar bank yoki hukumat kabi markaziy hokimiyat tomonidan tartibga solinmaydi, aksincha ular markazlashtirilmagan, ya’ni ular kompyuterlar tarmog‘i tomonidan boshqariladi.

Shariatimizga ko‘ra kriptovalutalarni o‘zaro ayirboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish joiz emas. Chunki ushbu kriptovalutalarda shariatimiz tomonidan pulga qo‘yilgan talablar topilmaydi. Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, ularning narxini keskin o‘zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi uning harom ekaniga asos bo‘ladi.

Dinimiz qoidalariga ko‘ra tilla va kumush asl puldir. Qolgan ko‘rinishdagi pullar ularning o‘rinbosarlaridir. Ular turli ko‘rinishda, jumladan, elektron bo‘lishi ham mumkin. Lekin ular pul deb hisoblanishi uchun bir qancha shartlarga javob berishi kerak. “Raqamli pullar” yoki “virtual pullar” deyilayotgan, naqd ko‘rinishda mavjud bo‘lmagan kriptovalutalar pulning quyidagi talablariga javob bera olmaydi va ba’zi xatarlarga ega:

1. Kriptovalutalarda pul bo‘lish talablari topilmaydi

Pul – tilla va kumush yoki ularning o‘rnini bosuvchi, ma’lum bir qiymatga ega bo‘lgan, hukumat tarafidan tan olingan va kafolatlangan hamda insonlar orasida o‘zaro ayirboshlash vositasi sifatida muomalaga kiritilgan narsa (valuta)dir ("Al-Mavsuatul fiqhiyya al-Kuvaytiyya" kitobi).

2. Pul chiqarish davlatning haqqidir

Hozirda mashhur bo‘lgan kriptovalutalarning birortasini ham rasman davlatlar chiqarmagan. Aksarining egalari noma’lum, nari borsa bir-ikki shaxsdir. Dinimiz qoidalariga ko‘ra pulni davlat ishlab chiqaradi. Uni har kim ishlab chiqarishga haqqi yo‘q.

3. Pulni hamma qabul qilgan, uni ishlatishga hammaning imkoniyati bo‘lishi kerak

Kriptovalutalar ma’lum bir tizimga ulangan kishilargina ishlata oladi va hozirda hamma uni muomala uchun qabul qilmaydi. Shu jihatda u hali to‘liq pulga aylanmagan. Savdo-sotiqda mahsulot (tovar) uchun to‘lanadigan narsa pul yoki tovar bo‘lishi lozim. Pullikka yaramaydigan narsa bilan to‘lov qilinsa, bu savdo durust bo‘lmaydi va bekor bo‘ladi. Undan olingan foyda ham halol ekani shubha ostida qoladi.

4. Ularning natijasi noma’lumligi

Kriptovalutalarning kelajagi mavhum. Unga hech kim kafolat bermaydi, ortida turmaydi. Erta-indin yo‘qolib ketadimi yoki barqaror valutaga aylanadimi, noma’lum. Kriptovalutalar doimiy rezerv bilan ta’minlanmagan va bu ularning qiymati kutilmagan paytda yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Bunday valutalar bilan savdo-sotiq qilish molni xatarga qo‘yishdir. Dinimiz molni bekorga zoye qilish va xatarga qo‘yishdan qaytargan.

5. Qiymatining keskin tushib-ko‘tarilib turishi

Kriptovalutalarning narxlari keskin ko‘tarilib-tushib turishi va ko‘pchilik faqat shu o‘rtadagi farqdan foyda ko‘rishga intilishi unda qimor alomatlari borligini ko‘rsatadi. Ya’ni aksar odamlar o‘ziga kerak biror mahsulot sotib olishni emas, balki narxning ko‘tarilib-tushishiga pul tikishni maqsad qiladi. Bu esa savdoning asosiy g‘oyasiga ziddir. Dinimiz musulmonlarni qimor va unga o‘xshash faoliyatlardan man qilgan.

6. Kriptovalutalar savdosida firibgarlik ehtimoli kattaligi

Bitkoin va boshqa kriptovalutalar hamyoni egasi kim ekanini bilib bo‘lmasligi sababli noqonuniy pul aylantirish va firibgarlikka yo‘l ochiladi. Kriptovaluta o‘tkazmalari banksiz amalga oshirilishi ham uning xavfini oshiradi va o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarib olib bo‘lmaydi”, deyiladi Fatvo hay’ati javobida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda xalqaro fatvo uyushmalari va fiqh akademiyalari kriptovalutalar masalasini chuqur o‘rganib, ular bilan savdo qilish joiz emas, degan fatvo bergan. Jumladan, Butunjahon musulmon ulamolari kengashining ijtihod va fatvo qo‘mitasi tomonidan bitkoin va kriptovalutalar qilish borasida bahs va munozaralardan keyin ular bilan muomala shar’an joiz emas degan qarorni qabul qilgan. Misrning markaziy Fatvo uyushmasi hisoblanmish “Misr fatvo uyi” tomonidan e’lon qilingan fatvoda esa kriptovalutalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan bo‘lib, iqtisodchilar va sohaga aloqador mutaxassislarning fikrlari ham tahlil qilingan.

“Yuqoridagilarga binoan bitkoin bilan savdo qilish va u orqali sotib olish, sotish, ijaraga berish va hokazolar bilan shug‘ullanish shar’an joiz bo‘lmagan amaliyotlardir. Balki ushbu amaliyotlarda ishtirok etish taqiqlanadi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, hozirda faqat elektron ko‘rinishda mavjud bo‘lgan ramziy “pul”lar vaqt o‘tishi bilan shariatimiz manbalariga muvofiq tovar va pulga qo‘yilgan shartlarga to‘liq javob bera olsa, shundagina ulardan foydalanishning hukmi ham o‘zgarishi mumkin. Demak, kriptovalutalarning hukmi halol bo‘lmaguncha mo‘min musulmonlar bu pullar bilan savdo qilmay turishlari lozimdir”, deyiladi ma’lumotda.

Fatvo markazi zarurat bo‘lsa, kriptovalutalarning o‘rnini bosadigan raqamli pullarni rasmiy doiralar muomalaga kiritishi maqsadga muvofiq bo‘lishini eslatib o‘tgan. 

Mavzuga oid