Jahon | 07:46 / 29.05.2024
2671
4 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada maxsus xizmat sobiq boshlig‘i Dik Sxof yangi bosh vazir bo‘ldi

Niderlandiyada hukmron koalitsiyani tuzgan to‘rt partiya bosh vazir nomzodi bo‘yicha qaror qabul qildi. U adliya va xavfsizlik vazirligining bosh kotibi bo‘ldi.

Foto: Ramon Van Flymen/ANP/dpa/picture alliance

Avvalroq Niderlandiya adliya va xavfsizlik vazirligi bosh kotibi lavozimini egallab kelgan, bundan avval qirollikdagi AIVD razvedka xizmatini boshqargan Dik Sxof mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘ldi, deb xabar berdi Gollandiyaning NOS telekanali 28 may, seshanba kuni kechqurun.

Avvalroq, may oyi o‘rtalarida Niderlandiyada to‘rtta o‘ng qanot partiyasi hukmron koalitsiya tuzishga muvaffaq bo‘lgandi. Endi bu siyosiy kuchlar Sxofga vazirlar mahkamasini tuzishni topshirdilar. 

Dik Sxof Niderlandiya bosh vaziri sifatidagi vazifalari haqida 

28 may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Dik Sxof «barcha niderlandlar uchun bosh vazir» bo‘lishni niyat qilganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u odamlar muammolariga «jiddiy» yondashish va ularni hal qilish yo‘llarini izlash niyatida. 

NOS ta’kidlashicha, Sxof buni aniq qanday qilishni rejalashtirayotganini hali aytmadi. «Mening Niderlandiya bo‘yicha rejam, bu - fraksiyalar (hukmron «Ozodlik partiyasi» (PVV), Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi (VVD), Fermerlar-fuqarolar harakati va «Yangi ijtimoiy kelishuv» partiyasi) rahbarlari kelishib olgan narsa», - deya yangi hukumat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi telekanal. 

Ta’kidlanishicha, Sxof endi vazirlar va davlat kotiblarini tanlashi kerak. Shundan so‘ng qirollik parlamenti ko‘rsatilgan nomzodlar yuzasidan eshituvlar o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Yangi vazirlar mahkamasi 26 iyungacha ishga kirishishi rejalashtirilgan. 

«67 yoshli Sxof hozirda adliya va xavfsizlik vazirligining eng yuqori lavozimli xodimi, - deb eslatadi NOS. - U avval AIVD razvedka xizmatini boshqargan, terrorizmga qarshi kurash va xavfsizlik masalalari bo‘yicha milliy koordinator (NCTV) va Immigratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati (IND) direktori bo‘lgan».

Siyosatchi Mehnat partiyasining a’zosi edi, lekin 2021 yilda uni tark etdi, chunki u «unga aloqadorligini his qilmagan». 

Mark Ryuttening vazirlar mahkamasini iste’foga chiqarish qarori 

2023 yil iyul oyida Niderlandiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Mark Ryutte vazirlar mahkamasi iste’foga chiqishini e’lon qildi, bu esa muddatidan oldingi saylovlarga olib keldi. Iste’foga Ryuttening mamlakat migratsiya siyosatini qat’iylashtirish taklifi sabab bo‘ldi, uni hukumat koalitsiyasida ishtirok etayotgan to‘rt partiyadan ikkitasi qo‘llab-quvvatlamadi. 

Niderlandiyada 2023 yil 22 noyabrda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va 150 o‘rindan 37 tasini olgan o‘ng qanot populistlarining g‘alabasi bilan yakunlandi. 

Vildersning koalitsiya tuzishdagi birinchi urinishi PVV muzokarachisining iste’fosi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mart oyida tomonlar yangi vazirlar mahkamasi a’zolarining qariyb yarmi siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan, ammo ma’lum bir masala bo‘yicha ekspert hisoblangan shaxslardan iborat bo‘lishiga kelishib oldilar. 

Mavzuga oid