Yevropa Ligasi doirasida Amsterdamning «Ayaks» hamda Tel-Avivning «Makkabi» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda sport nuqtayi nazardan aytarli intriga yo‘q edi. Shunday bo‘ldi ham.

Niderlandiya bosh jamoasi Isroil bosh jamoasini 5:0 hisobida yengdi. Ammo o‘yin atrofidagi voqealar shunchalik jiddiy tus oldiki, u haqda Amerika prezidentigacha munosabat bildirdi.

Quyidagi videoda voqealar rivoji keltiriladi.

Kim boshladi?

Avval nimalar bo‘lgani haqida ikki og‘iz. Tarmoqda yoppasiga niderlandiyalik mahalliy fuqarolar Makkabi bilan Amsterdamga borgan isroillik muxlislarni ushlab urayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Janjal shu qadar kattalashib ketdiki, bir emas ikkita davlatga urushayotgan Isroil mudofaa armiyasi mamlakat fuqarolarini Niderlandiyadan olib kelish uchun maxsus kuchlar va ikkita samolyot yuborishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Niderlandiyada chinakam diplomatik nizo avj oldi.

Bu holatni har kim xohlaganicha talqin qildi. Isroil nashrlari tabiiyki, «Makkabi» muxlislari yahudiy bo‘lgani uchungina ta’qib qilingani haqida xabar berdi. Arab nashrlarida esa isroillik muxlislar Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib provokatsiya qilishgani aytiladi.

Bu ikki xil yoritishni ko‘rgan odamlar ham tabiiyki ikkita bo‘lindi. Lekin na u tomondagilar, na bu tomondagilar gap aslida nimada ekanini bilgisi kelmadi.

To‘qnashuvlar tinchiganidan so‘ng niderlandiyalik politsiyachilar voqealar motivi bilan bog‘liq ilk rasmiy versiyalarni bildira boshlashdi. Amsterdam politsiyasi tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘limi rahbari Peter Holl isroillik va mahalliy muxlislar o‘rtasidagi mojaro boshlanishiga sabab bo‘lgan omillarga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, janjal boshlanishiga olib kelgan holatlardan biri - isroillik muxlislar mahalliy uylardan birining balkonida osig‘liq turgan Falastin bayrog‘ini yirtib olib, bu holatni internetga taraqatgani bo‘lgan. Bunday video chindan tarmoqda tarqalgandi. Unda isroillik muxlislar Falastin bayrog‘ini yirtib olib «Yo‘qolsin Falastin!» deb baqirib bayroqni yoqishadi.

Shundan keyin g‘azab otiga mingan mahalliy muxlislar «Makkabi» muxlislarini kaltaklashga tushishadi. Mahalliy taksichilar ham isroilliklarni quvib borishadi. Mehmon muxlislarning ko‘pchiligi qo‘riqchilar tomonidan jiddiy qo‘riqlanadigan kazinoga yashiringan. Niderlandiyalikmi yoki muhojirlarmi, kim ekani noma’lum bo‘lgan bir guruh odamlar isroillik muxlislarni to‘xtatib, ularning pasportini ko‘zdan kechirib Isroil fuqarosi ekaniga ishonch hosil qilgach, kaltaklab, videoga olishgani aks etgan videolar ham tarqaldi. Isroilning bir necha fuqarosining pasporti yo‘qolgan.