O‘zbekiston | 10:11 / 02.10.2021
15993
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi joriy yilning 4-5 oktabr kunlariga rejalashtirilgan. Tashrif sanalari kecha, 1 oktabr kuni ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi majlis yuzasidan bo‘lib o‘tgan ko‘rsatuvda ma'lum qilingan.

Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy o‘sish dinamikasi ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Shuningdek, madaniy sohada ham hamkorlik rivojlanib, ayni kunlarda O‘zbekistonda turkman kinosi kunlari o‘tkazilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Gurbanguli Berdimuhamedovning rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahrida Turkmaniston-O‘zbekiston iqtisodiy forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 5 avgust kuni Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmanboshi shahriga tashrif buyurgan edi.

Avvalroq, Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgani xabar berilgandi.

“Yaqinda do‘stimiz, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Turkmanistonlik do‘stlarimiz bilan birga “Tuyamo‘yin” gidrouzelining “Sulton Sanjar” dambasini mustahkamlash hisobiga 1 milliard kub metr qo‘shimcha suv zaxirasi yaratiladi”, – degandi prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida.

Mavzuga oid