20:49 / 02.03.2020
1
24890

Koreyadagi o‘zbekistonliklarning vizasi muddati uzaytirildi

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklarning vizalari avtomatik tarzda 2020 yil 30 aprelga qadar uzaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi mamlakat fuqarolariga murojaat qildi.

«Hurmatli fuqarolar, Koreya Respublikasida koronavirusning tarqalishi tez sur'atlarda oshib borayotgani sababli mamlakat Adliya vazirligi tomonidan (ID card asosida) xorijiy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib qonuniy yurgan shaxslarning vizalari avtomatik tarzda 2020 yil 30 aprelga qadar uzaytirganini ma'lum qilamiz.

Buning uchun xorijiy shaxslarning migratsiya xizmati idoralariga borishlari talab etilmaydi.

Bu tartib Koreya Respublikasi xududida 2020 yilning 24 fevraliga qadar qonuniy tarzda bo‘lgan xorijiy shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Shu bois, ushbu holat Sizning Koreyani tark etishingizga zarurat tug‘dirmasligini ma'lum qilamiz», deyiladi elchixona xabarida.

Elchixona ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini xotirjam bo‘lishga va «O‘zbekistonga qaytishga qaratilgan provokatsion chaqiriqlarga berilmaslikka» ham chaqirgan. Diplomatik vakolatxona Koreya Respublikasi hukumati koronavirus aniqlangan taqdirda xorijiy fuqarolarga bepul malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaganini eslatib o‘tdi.

«Koreya Respublikasi hukumati tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha tibbiyot sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar va tezkor diagnostika uslublarini qo‘llanilgan holda qo‘shimcha chora-tadbirlar tadbiq etilmoqda», deyiladi xabarda.

Koronavirus infeksiyasining oldini olish uchun O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi quyidagilarni tavsiya qildi:

  • jamoat joylariga chiqmaslik;
  • nafas olish organlarida kasallik belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmaslik;
  • maxsus gigiyenik niqoblardan foydalanish;
  • faqat issiq va yaxshi pishirilgan taomlar iste'mol qilish;
  • ovqatlanishdan oldin qo‘llarni yaxshilab yuvish;
  • antiseptik mahsulotlardan foydalanish;
  • hayvonlar oldiga yaqinlashishdan saqlanish;
  • agar isitmangiz ko‘tarilib, respirator kasallik alomatlarini sezsangiz, darhol 1339 telefon raqamiga ko‘ng‘iroq qiling.

Eslatib o‘tamiz, 1 martdan boshlab O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan havo qatnoviga cheklovlar kiritdi. Endilikda reyslar soni haftasiga bittaga qisqartirilgan. Janubiy Koreyadan kelganlar 14 kun davomida karantinga olinadi. Shundan so‘ng, ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklar vizasi muddati tugagani tufayli O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘lib qolayotgani, lekin aviareyslar bekor qilingani tufayli ilojsiz ahvolda qolayotgani to‘g‘risida murojaat qilishgandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 89 788 kishini tashkil etdi, 3062 kishi vafot etgan, 44903 kishi sog‘ayib ketgan. Xitoydagi holatlar soni 80 mingdan oshdi, o‘lim — 2912. Janubiy Koreyada esa 4335 kishi kasallikka chalingan, 26 o‘lim holati qayd etildi. Italiyada xastalangan soni eng kamida 1694 kishi, vafot etganlar esa 34 kishiga yetdi, Eronda 1501 kishida virus aniqlangan, 66 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top