16:44 / 29.04.2024
10502

Oshxonada tayyorlanayotgan dronlar va Ocheretino uchun jang. Urush suratlari

Ukrainada urushning 795-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiyada 2024 yil 1 noyabrdan chaqiruv qog‘ozlari elektron shaklda yuborilishi boshlanadi. Bunday chaqiruv qog‘ozlarini olgandan keyin chaqiruv yoshidagilar mamlakatni tark eta olmaydi.
  • Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi baholariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Rossiya yaradorlar va halok bo‘lganlar qo‘shib hisoblanganda 450 ming askarini yo‘qotgan.
  • Bavariyada Ukrainaning ikki fuqarosi o‘ldirildi. Ular frontda yaralanib, tiklanish jarayonini o‘tayotgan harbiylar bo‘lishgan. Qotillikda gumonlanib rossiyalik qo‘lga olingan.
  • Moskva oblasti ma’muriyati eriyotgan qor ostida dronlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
  • Ukrainadagi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi eng yirik DTEK kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Rossiya armiyasi Ukraina issiqlik elektr stansiyalariga qariyb 180 bor hujum qilgan.

Kun kadri. Ukrainlar uy oshxonasida dron yig‘moqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fevral oyi boshida qo‘shinlarning yangi turini yaratish to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi — bu Uchuvchisiz tizimlar kuchlari. «Dronlar — pilotsiz tizimlar — yerda ham, osmonda va dengizdagi janglarda ham o‘z samaradorligini namoyish etdi. Ukraina dronlar evaziga Qora dengizdagi vaziyatni chinakamiga o‘zgartirdi. Quruqlikda shturmlarni qaytarish — ko‘p jihatdan aynan dronlar ishi evaziga bo‘lmoqda. Okkupantlar va ularning texnikalari yoppasiga yo‘q qilinishi ham dronlarning ishi», — degandi ukrainlar prezidenti (iqtibos New Voice nashridan), o‘z telemurojaatida bu qarorga izoh berarkan. Snaryadlar taqchilligi sharoitida ukrain harbiylari pilotsiz uchar qurilmalardan faol foydalanishga urg‘u qaratishmoqda va ular orqali odatda artilleriya bajaradigan vazifalarni bajarishga harakat qilmoqda.

Ishlab chiqarish hajmi cheklangan snaryadlardan farqli o‘laroq, millionlab dronlarni Ukraina o‘zi import qilinadigan qismlardan yig‘ishi mumkin. Ushbu fotoda Kiyevdagi uch tadbirkor oshxonada o‘tirib, You Tube’dagi instruksiyalardan foydalangan holda FPV-dronlarni yasamoqda. 2024 yil 28 aprel
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Ocheretino uchun jang

Rossiya qo‘shini aprel oyi oxirida Donetsk oblastidagi Ocheretino posyolkasini egallab olgandi. RF qurolli kuchlari bir necha kun ichida frontning Ukraina qurolli kuchlari uchun xavfli bo‘lib turgan mazkur uchastkasida qariyb yetti kilometr ilgarilashga erishdi. Ocheretinoda mudofaaning barbod bo‘lishi Ukraina qurolli kuchlari butun Donetsk oblastida mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelishi mumkin.

Ukrainlarning mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan OSINT DeepState proyekti 28 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ocheretino hududining 80 foiz qismini nazorat qilayotgani, «posyolkaning qolgan qismi savolli» ekanini ma’lum qildi. Ukrainaning «Xortitsa» qo‘shinlar guruhi rasmiysi Nazar Voloshin ham RF qo‘shini Ocheretinoga yorib kirishga muvaffaq bo‘lgani va aholi yashash manzilining bir qismi ustidan nazorat o‘rnatganini tan olgan
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Business Insider versiyasiga ko‘ra, RF qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarida rotatsiya o‘tkazish chog‘idagi xatolik tufayli amalda hech qanday qarshilikka uchramasdan Ocheretinoga kirishga muvaffaq bo‘lgan — posyolkadan sharqda turgan 47-mexanizatsiyalashgan brigada o‘rnini 115-mexanizatsiyalashgan brigada egallashi kerak bo‘lgan, ammo, 115-brigada harakatlanishda kechikkan va o‘z vaqtida pozitsiyalarga yetib kela olmagan. «Rossiyaliklarning keskin oldinga siljishi alohida bo‘linmalar shunchaki tuyog‘ini shiqillatib qolgani tufayli ro‘y berdi. Umid qilamanki, ular desantchilar sifatida qayta tayyorlanadi», — deya yozdi Facebook sahifasida 47-brigada komandiri Mikola Melnik. Ammo, UNIAN nashri qayd etishicha, 115-brigada vakili Vadim Cherniy Financial Times nashri bilan suhbatda bu ayblov «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi», bo‘linma «o‘z pozitsiyalaridan chekinmagani»ni aytgan.
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlarining Donbassdagi mudofaa chizig‘i

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 28 aprel kuni Rossiya armiyasi butun front bo‘ylab hujum qilayotgani va ayrim yo‘nalishlarda taktik yutuqlarga erishgani haqida ma’lum qildi. Ukrain harbiylari 2024 yil boshidan mudofaani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib, frontning turli uchastkalarida mudofaa inshootlari barpo etmoqda. «Ajdaho tishlari» — bu tartib bo‘yicha yerga ko‘milgan piramida ko‘rinishidagi temir-beton konstruksiyalar bo‘lib, ular raqib texnikalarini to‘xtatishi yoki harakatini sekinlashtirishi ko‘zda tutilgan — Rossiya qo‘shini faollik bilan yurish qilayotgan Donetsk oblastida ham o‘rnatilgan.

Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Odessa yaqinida havo hujumidan mudofaa kuchlarining pozitsiyalari

RF qo‘shini muntazam ravishda Ukraina hududlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llamoqda va dronlar bilan hujum qilmoqda. Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondonligi har tongda Rossiya dronlari urib tushirilgani to‘g‘risida xabar beradi. Xususan, 28 aprel kuni, ukrain harbiylari rossiyaliklar «Shohid» tipidagi to‘rtta kamikadze dron hamda yana beshta boshqa pilotsiz uchish qurilmasini uchirgani haqida ma’lum qildi. «Shohid»larning barchasi va «turi aniqlanmagan» dronlardan bittasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan, deb xabar bergan havo kuchlari qo‘mondoni. RF qo‘shini muntazam ravishda dronlar va raketalar bilan hujum qilayotgan regionlardan biri — Odessa oblastidir. Ukraina qurolli kuchlari bu hujumlarga qarshi kurashish uchun boshqalar qatori havo hujumidan mudofaa tizimining mobil komplekslaridan ham foydalanmoqda.

Mobil PVO kompleksi — pikap ustiga pulemyot yoki qo‘lda olib yuriluvchi zenit-raketa kompleksi o‘rnatish orqali yasaladi
Nina Liashonok / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Nina Liashonok / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Havo hujumidan mudofaa kuchlarining mobil komplekslari ukrain harbiylariga xayriya mablag‘lari hisobidan ham yetkazib berilmoqda. Odessa oblasti rahbari Oleg Kiper 2023 yil oxirida o‘z hududida qo‘shimcha mobil havo hujumidan mudofaa tizimlari tuzilayotgani aytgan, ammo pikaplarni xarid qilishda qiyinchiliklar borligini tan olgandi
Nina Liashonok / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Nina Liashonok / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Mobil guruhlar tarkibidagi jangchilar boshqa ishlar qatorida ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimiga yuklamani kamaytirmoqda, shuningdek o‘zlaridagi qurollar bunday nishonlarni urib tushira olmasa ham, raketalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni operativ tarzda yetkazishi mumkin bo‘ladi.
Nina Liashonok / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top