Aql boshda ham, yoshda ham emas: Danning-Kryuger effekti nima?
«Hech narsa bilmasligimni bilaman», degan edi yunon donishmandi Suqrot. Xitoy faylasufi Lao-Tszi esa: «Bilgan odam gapirmaydi, gapirayotgan odam bilmaydi», deya ta'kidlagan.
Odatda tajribasiz odamlar o‘z qobiliyatlariga ortiqcha baho berib yuborishadi. Tajribali shaxslarga esa o‘z imkoniyatlariga aslidagidan pastroq baho berish xosdir. Psixologiyada bu holat Danning-Kryuger effekti deb nomlanadi.
Mazkur holat 1999 yilda amerikalik psixologlar Jastin Kryuger va Devid Danninglar tomonidan ilmiy asoslangan. Danning-Kryuger effektiga ko‘ra, tajribasi past insonlar xato xulosalar chiqarishadi hamda muvaffaqiyatsiz qaror qabul qilishadi. Ular muvaffaqiyatsizliklari noto‘g‘ri qarorlar va tajribasizlik natijasi ekanini anglay olishmaydi va o‘zlarining kamgina qobiliyatlariga ishonishadi.
Chindan yuqori tajribaga ega insonlar esa o‘zidagi qobiliyatlarga adekvat baho berish bilan birga, o‘z mahoratiga biroz shubha bilan qarashga moyil bo‘ladi. Ular o‘zlari bajara oladigan ish-faoliyatni boshqalar ham qunt bilan o‘rgansa, oson qila oladi, deb o‘ylashadi.
Tajribasizlik va bir vaqtning o‘zida aqlsizlik u yoki bu sohaning asoslarini bilmaslikdan kelib chiqadi. Oddiy misol. Stol tennisida o‘ynash uchun sharikni urish kerakligini bilamiz. Lekin uni qay tarzda, qanday pozitsiyada, qachon, qanday zarb bilan urish asoslaridan bexabarligimiz – tajribasizligimiz bu o‘yinda pand beradi. Shunga qaramay, tennis sohasida tajribasiz odamlar hali biror marta o‘ynab ko‘rmay turib, tennis juda oson o‘yin deb o‘ylaydi, yaxshilab shug‘ullansa, bemalol eplashiga, hatto g‘olib chiqishiga haddan tashqari ishonadi.
Ilm, fan, ta'lim, madaniyat, texnika, kommunikatsiya kabi boshqa sohalarda ham tajribasizlik, kerakli bilim-ko‘nikmaga ega bo‘lmaslik shu yo‘nalishda bildiradigan kichik fikrimizdan to muayyan faoliyatimizgacha omadsizlik olib keladi.
Danning-Kryuger effektiga ko‘ra, insonlar o‘zi tajribasiz bo‘lgan sohada quyidagilarga moyil bo‘lishi isbotlangan:
1) o‘z qobiliyatlarini yuqori baholashadi;
2) boshqalarning yuqori darajadagi qobiliyatini to‘g‘ri chamalay olishmaydi;
3) o‘zlarining tajribasiz va bilimsiz ekanligini anglab yetishmaydi;
4) biror professional o‘quv yoki treningdan o‘tgach, o‘qib-o‘rgangach, avvalgi tajribasizligini tushunishadi.
Ya'ni odamlar tajribasizlik sababligina bilmagan ishiga qo‘l urib yoki tushunmagan sohasida fikr bildirib, ahmoqona vaziyatga tushishadi.
Bunday vaziyatga tushmaslik uchun esa quyidagilar tavsiya etiladi:
Ko‘proq o‘qib-o‘rganing va mashq qiling. Bu o‘zingiz tanlagan, fikr yoki faoliyat yuritayotgan sohangizda tajribali inson (professional ekspert) bo‘lishga katta yordam beradi.
O‘z qobiliyatlaringizga tez-tez shubha bilan qarab turing. Bu o‘zingizga ortiqcha baho berib, oqibatda ahmoqona vaziyatlarga tushishning oldini olishga ko‘maklashadi.
Shaxsiy tajribangizni mantiqan to‘g‘ri baholashga yordam beradigan mezonlarni toping, ular asosida bilim-ko‘nikmalaringizni baholang. Bu sizga kerakli sohadagi darajangizni aniq belgilab, shunga yarasha qadringizni oshirishga turtki beradi.
Yakuniy xulosa sifatida aytish mumkinki, «Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim». Hech qachon o‘zingizni bilmagan narsani biladigan qilib ko‘rsatmang, bilmaganingizni, albatta, so‘rang va o‘qib o‘rganing.
Akobir Abdullayev, psixolog-trener
Mavzuga oid
21:06 / 16.12.2024
Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar pandemiya darajasiga yetdi – tadqiqot
18:36 / 20.09.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish faoliyatini tartibga soluvchi qonun ma’qullandi
07:33 / 24.07.2024
Tegishli malakaga ega bo‘lmay turib psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanadi
16:18 / 01.06.2024