Jahon | 23:14 / 08.07.2021
69244
4 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» Moskvadagi uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari chegarasini buzmaslikka va'da berdi

«Tolibon» harakati Afg‘onistondan Rossiya va Markaziy Osiyodagi boshqa qo‘shni davlatlarga hujum qilish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma'lum qildi. Shuningdek, harakat Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraga hujum qilmaslikka va'da berdi.

8 iyul kuni «Tolibon» harakatining 4 nafar vakili muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga keldi. Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov «Tolibon» vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda Rossiya Afg‘onistonning shimolida vaziyat keskinlashganidan xavotir bildirayotganini va ushbu holat mamlakat tashqarisiga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishini aytgan.

«Biz Moskvaga Afg‘onistondagi vaziyatni Rossiya bilan muhokama qilgani hamda sizlarni afg‘on yeri Rossiya yoki boshqa qo‘shni davlatlarga hujum uchun qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymasligimizga ishontirgani keldik. Biz Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraga ham hujum qilmaymiz. Rossiyani ishontirib aytishimiz mumkinki, bizning siyosat hujum qilishdan iborat emas», deb aytgan «Tolibon» rasmiy vakili Muhammad Suhayl Shahin.

U «Tolibon», shuningdek, xorijiy davlatlarning Afg‘onistondagi vakolatxonalariga hujum qilmoqchi emasligini ta'kidlab o‘tgan. 

«Biz Rossiya bilan yaxshi munosabatlardamiz. Biz ularga hujum qilmoqchi emasmiz. Munosabatlarimiz yaxshi bo‘lsa, buni qilishdan nima naf?» degan Shahin toliblar Rossiyaning Mozori-Sharifdagi bosh konsulxonasi xodimlari xavfsizligini ta'minlashga qanchalik tayyorligi haqidagi savolga javoban.  

Harakatning Moskvaga kelgan delegatsiyasi «Tolibon» Afg‘onistonni harbiy yo‘l bilan egallab olishga intilmayotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Afg‘onistonni harbiy yo‘l bilan egallab olish bizning siyosatga kirmaydi. Bizning pozitsiya Dohada muhokama qilinayotgan afg‘on masalalarining siyosiy yechimini topishdan iborat. Biz Moskvada siyosiy yechimni qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqladik», deb aytgan Shahin.

Uning ta'kidlashicha, toliblar «viloyatlardagi shaharlarni osongina egallab olishi mumkin edi», biroq buni qilmaslikka qaror qildi.

Shahin Moskvaga tashrifdan maqsad Afg‘oniston shimolidagi vaziyatni muhokama qilish ekanini qo‘shimcha qilgan.

«Uchrashuvdan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz – Afg‘onistonda, jumladan uning shimolida yaqinda yuz bergan voqealarni muhokama qilish. U yerdagi ko‘plab tumanlar bizning nazoratga o‘tdi», deb ta'kidlab o‘tgan «Tolibon» vakili.

  • Avvalroq «Tolibon» Afg‘onistonning 398ta tumanidan 162tasini nazorat qilayotganini ma'lum qilgan. Toliblarning hukumat qo‘shinlariga hujumi ortida afg‘on-tojik chegarasidagi vaziyat keskin tus oldi. Tojik chegarachilari mamlakat hududiga «Tolibon» hujumidan chekingan mingdan ko‘proq afg‘on harbiysini kiritgan. Rossiya ushbu vaziyatda Tojikistonga zaruriy yordam ko‘rsatilishiga va'da bergan.

Mavzuga oid