Iqtisodiyot | 17:41 / 29.07.2021
6735
2 daqiqa o‘qiladi

Eksport hajmining 15 foizi, budjet daromadlarining 8 foizini shu korxona ta’minlaydi – prezident OKMK haqida

Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni Olmaliqdagi «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish loyihasi doirasidagi yangi quvvat — 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshini qo‘yishga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zladi.

«Bu korxona O‘zbekistonda mineral resurslarni keng ko‘lamda o‘zlashtirish  va metallurgiya sanoatini rivojlantirish sohasida ko‘p yillardan buyon yetakchilardan biri bo‘lib kelmoqda.

Kombinat tashkil etilganidan buyon o‘tgan 70 yillik davr mobaynida bu yerda 1,5 milliard tonna ruda qazib olinib, 6 million tonnadan ortiq mis, 3,5 ming tonna kumush va 850 tonna oltin ishlab chiqarilgani uning ulkan salohiyatini ko‘rsatadi. 

Bugungi kunda  qariyb 40 ming nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan Olmaliq kombinati mamlakatimiz sanoatining chinakam lokomotivlaridan biriga aylangan.

Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi  kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlatimiz budjetiga tushadigan jami daromadlarning 8 foizini aynan ushbu korxona ta’minlaydi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda kombinat faoliyati yuksak darajaga ko‘tarilib, mis ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga ko‘paygani va 150 ming tonnaga yetkazilgani tahsinga sazovor. 

E’tiborli jihati, korxona pandemiya sharoitida og‘ir vaziyatga qaramay bir kun ham ishni to‘xtatmadi va barcha rejalarni bajardi», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid